Ukraina: Yevropa, SIni bizda sinab ko‘r!
Ukraina Yevropa davlatlariga sun’iy intellektni amalda sinab ko‘rish uchun o‘z tajribasidan foydalanishni taklif qilmoqda. Raqamli transformatsiya vaziri Oksana Ferchuk aytishicha, urush sharoitida yaratilgan elektron davlat xizmati, kiber xavfsizlik va raqamli infratuzilma sohasidagi tajriba qit’a uchun qimmatli bo‘lishi mumkin.
Ukrainada fuqaro pasport, haydovchilik guvohnomasi, soliq raqami kabi 30 dan ortiq hujjatni telefon orqali taqdim eta oladi. “Diya” elektron davlat xizmati platformasi orqali 250 ga yaqin xizmat ko‘rsatiladi: avtomobil sotish, jarimani tekshirish va to‘lash, boshqa shaxsga mashinani boshqarish huquqini berish, nikohdan o‘tish va ajrashish jarayoni ham internet orqali amalga oshiriladi. Germaniya bilan muzokarada ayni tajribani o‘rganish, Ukrainada samara bergan ayrim yechimlarni GFR sharoitiga moslashtirish va yangi elektron xizmat turlarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Ferchuk ta’kidlashicha, mamlakatda raqamli tizimni Rossiya hujumiga bardoshli qilish uchun ma’lumotni turli bazada saqlash, zaxira nusxa yaratish, zarurat tug‘ilganda tizimni boshqa serverga ko‘chirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Endi SI sohasidagi shu tajribani Yevropa bilan bo‘lishish mumkin: xorijlik mutaxassislar Ukrainada turli SI modellari qay tartibda sinovdan o‘tkazilayotgani, davlat xizmatiga qanday joriy etilayotganini o‘rganadi. Mulozim fikricha, bunday hamkorlik ko‘hna qit’a davlatlariga yangi texnologiyani avval amalda sinab, samarali va xavfsiz yechimni keyinchalik o‘z tizimiga joriy etish imkonini beradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA