Ukraina ta’lim va ilm-fan vaziri Samarqandda
Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Ukraina forumida ishtirok etgan Ukraina ta’lim va ilm-fan vaziri, professor Sergey Shkarlet boshchiligidagi delegatsiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida mehmon bo‘ldi.
Ukrainaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi N.Doroshenko hamrohligida kelgan mehmonlar universitetda tashkil qilingan dunyo xalqlari milliy liboslar ko‘rgazmasi, ta’lim jarayonlari, kutubxona hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng, universitet faollar zalida professor Sergey Shkarlet universitet talabalariga Ukraina ta’lim tizimi, turizm salohiyati haqida ma’ruza qildi.
[gallery-4789]
– Birinchi galda ona yurtimga kelganimdan xursandman, – dedi Sergey Shkarlet. – Chunki, men O‘zbekistonda, Qo‘qon shahrida dunyoga kelganman. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib, lol qoldim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunay keskin suratdagi rivojlanish mamlakatdagi islohotlar jarayonining nechog‘lik to‘g‘ri yo‘naltirilganligidan dalolat beradi. Bevosita faoliyatimga yaqin bo‘lgan ta’lim tizimlaridagi o‘zgarishlar ham tahsinga sazovor. Umuman, azaldan bu yurtning ilmiy salohiyati yuksak ekanligi barchaga ma’lum. Shu bois, biz O‘zbekiston bilan ta’lim, ilm-fan yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish maqsadidamiz. Delegatsiyamiz tarkibida Ukrainaning yigirmaga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari, bevosita sohaga taalluqli mutasaddilar tashrif buyurgan. Uchrashuvlarda ta’lim tizimida hamkorlikni kuchaytirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvini amalga oshirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashdik.
Uchrashuv davomida mehmonlar talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarib, Ukraina ta’lim tizimi haqida ma’lumot berishdi. Samarqandning diqqatga sazovor joylariga qilingan sayohat mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA