Ukraina Qurolli kuchlari RF mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi
Ukraina Qurolli kuchlari mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatiga 10 kilometr ichkari kirib borishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozdi Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari.
Ukraina askarlari viloyatning ikki tumanida oldinga siljiganini Rossiya Mudofaa vazirligi ham tasdiqladi.
Kursk hududida uch kundan beri jang davom etyapti. Ukrain bo‘linmalari joylashuvi haqidagi ma’lumotga ko‘ra, Rossiyaning kamida ikki mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgan. G‘arb matbuoti xabariga ko‘ra, bu Ukraina Qurolli kuchlarining urush boshlangandan beri Rossiya hududidagi eng yirik hujum amaliyoti, deya baholanmoqda.
Shu voqeadan keyin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya ham urush oqibatini his qilishi kerakligini aytdi.
– Rossiyaga qancha ko‘p bosim o‘tkazilsa, tinchlik shuncha yaqinlashadi, – degan u ijtimoiy tarmoq orqali e’lon qilgan video murojaatida.
6 avgust kuni Ukraina mingga yaqin harbiy ishtirokida Kursk viloyatiga hujum boshladi. Ertasiga mintaqada favqulodda holat e’lon qilindi. Harbiylarning o‘zi vaziyatga izoh bermagan, Zelenskiy esa armiyani “hayratlantira olish” va natijaga erishish qobiliyatini alqagan, lekin bevosita Kurskni tilga olmagan.
Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak aytishicha, har qanday keskinlashuvning asosiy sababi, jumladan Kurskda ham, Rossiyaning Ukrainaga jazosiz bostirib kirishi mumkinligiga ishonadigan aniq tajovuzidir. Ayni bayonot Ukraina yuqori martabali amaldorining davom etayotgan hujumni tan olishidir.
Shuningdek, Podolyak payshanba kuni milliy telemarafonda Rossiya bilan bo‘lajak muzokarada o‘z pozitsiyasini mustahkamlash uchun Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga kirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy muzokaraga Moskva hududi, odamlari va texnikasini yo‘qotishi ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, Rossiyaga chuqurroq kirib borish ruslarni “qo‘rqitadi” va ularning prezident Putinga munosabatini yomonlashtiradi.
RF blogerlari yozishicha, frontdagi vaziyat tufayli Malidan Vagner xususiy harbiy kompaniya (XHK)si yollanma askarlari Kursk viloyatiga ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda birinchi bo‘lib “Z-blogger”, “O‘n uchinchi” nomi bilan tanilgan Yegor Guzenko xabar berdi. U “Vagner XHK jangchilari Rossiyaga qaytmoqda”, deb yozdi. “Blogger” tomonidan tarqatilgan video lavhada harbiy kiyimdagi odamlar yuk mashinasida ketayotgani, ulardan biri Kurskka olib ketishayotganini aytgani tasvirlangan. Binobarin, video qayerda va qachon olinganini aniqlash imkoni yo‘qligi aytilgan.
S.Rahimov, O‘zA
Ma’lumotlar internetdan olindi.