Ukraina qurol bozoriga chiqmoqda
Nizo boshlanganidan beri birinchi marta Kiyev mahalliy harbiy mahsulotlarni xorijga sotish uchun rasmiy va shaffof mexanizmni ishga tushirdi.
Endi hamkor davlatlar ukrain quroli va texnologiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu qaror mamlakat mudofaa sanoatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Mudofaa vaziri Mixail Fedorov ta’kidlashicha, eksportdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqaro sarmoya jalb qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini kengaytirishdan iborat. Shuningdek, mamlakat armiyasining ehtiyoji birinchi o‘rinda qoladi. Agar muayyan qurol-yarog‘ turiga ichki talab yuqori bo‘lsa, uni xorijga sotishga ruxsat berilmasligi mumkin.
So‘nggi yillarda Ukraina dronga qarshi kurash texnologiyasi bo‘yicha katta tajriba to‘pladi. Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, ukrain mutaxassislari Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan uzoq muddatli hamkorlik kelishuvlari imzolangan. Hozirda Ummon, Quvayt va Bahrayn bilan ham muzokara davom etyapti.
Hisob-kitobga ko‘ra, mamlakatda 800 ga yaqin mudofaa korxonasi faoliyat yuritadi. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulot hajmi ayrim yo‘nalishda ichki ehtiyojdan ham oshib ketgan. Shu bois mahalliy kompaniyalar bir necha yildan beri tashqi bozorga chiqish huquqini talab qilib kelayotgan edi.
Bugun Ukraina yiliga 4 milliondan ortiq dron ishlab chiqarmoqda. Yetarli moliyalashtirish ta’minlansa, bu ko‘rsatkichni ikki barobarga oshirish imkoni mavjud. Shu tariqa nizo sharoitida shakllangan harbiy texnologiya endi nafaqat frontda, balki xalqaro qurol bozorida ham Kiyevning muhim iqtisodiy va siyosiy resursiga aylanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA