Ukraina AQŞ va Rossiya bilan muzokaraga tayyorgarlik körmoqda
Ukraina delegatsiyasi Birlaşgan Arab Amirliklarida dastlab Ğarb hamkorlari bilan maslahatlaşuv ötkazadi, keyin Ukraina, AQŞ va Rossiya iştirokidagi uç tomonlama muzokarada qatnaşadi. Bu haqda mamlakat Taşqi razvedka xizmati rahbari Rustem Umerov maʼlum qildi.
Mulozim ijtimoiy tarmoq sahifasida yozişiça, birinçi uçraşuvda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, NATO va Yevropa komissiyasi vakillari yiğiladi. Şuningdek, AQŞ vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kuşner ham maslahatlaşuvga qöşiladi. Tomonlar uç tomonlama muzokara oldidan yondaşuvni muvofiqlaştiriş va keyingi qadamlarni belgilaşni maqsad qilgan. Delegatsiya tarkibidan Kirill Budanov, David Araxamiya, Sergey Kislitsa va Vadim Skibitskiy ham örin olgan. Taʼkidlanişiça, asosiy eʼtibor harbiy harakatni töxtatiş, uruşdan keyingi işonçli xavfsizlik kafolatini taʼminlaş, mamlakat iqtisodiyotini tiklaş va gumanitar masalalarni hal etişga qaratiladi.
Rossiya, Ukraina va AQŞ iştirokidagi uç tomonlama muzokaraning 10-11-noyabr kunlari Abu-Dabida ötkazilişi rejalaştirilgan navbatdagi bosqiçi 2026-yil fevral oyidan buyon mazkur formatdagi ilk uçraşuv hisoblanadi.
Bunga qadar AQŞ vositaçiligidagi muloqotning birinçi va ikkinçi bosqiçlari 23-24-yanvar hamda 4-5-fevral kunlari Abu-Dabida, uçinçi bosqiçi 17-18-fevral kunlari Jenevada bölib ötgan. Şu tariqa noyabr oyidagi uçraşuv joriy yildagi törtinçi bosqiç bölişi kutilyapti.
Muzokarada asosiy masala sifatida harbiy harakatni töxtatiş şarti, hududiy nizo va xavfsizlik kafolati körilyapti. Moskva xavfsizlik va hududiy kelişuv böyiça öz talabi inobatga olinişini talab qilyapti. Kiyev esa öt oçişni töxtatiş va harbiy harakat qayta boşlanişining oldini oliş uçun xalqaro kafolat zarurligini taʼkidlamoqda. Muzokara Prezident Donald Tramp maʼmuriyati vositaçiligida olib borilmoqda. Vaşington Rossiya va Ukraina uruşini tugatiş böyiça kelişuvga erişişga kömaklaşmoqda.
F.Yaxşiboyeva, ÖzA