“Uddaburon”lar faoliyatiga chek qoʻyildi
Koronavirus pandemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin davrida turli koʻngilochar obyektlar faoliyati epidemiologik vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha toʻxtatildi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin davrida turli koʻngilochar obyektlar faoliyati epidemiologik vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha toʻxtatildi. Ammo moʻmay daromad uchun amaldagi tartib-qoidalarga rioya qilmaydigan, qolaversa, oʻzi va oʻzgalar salomatligini xavf ostiga qoʻyayotgan “tadbirkor”lar ham borligi achinarlidir.
Kattaqoʻrgʻon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida hujjatsiz faoliyat bilan shugʻullanib kelgan “uddaburon”lar faoliyati oshkor boʻldi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.
Shaharning Shavqiy koʻchasida oʻtkazilgan nazorat tadbirida fuqaro I.Sh. noqonuniy ravishda bilyard oʻyinini tashkillashtirish faoliyatini yoʻlga qoʻygani aniqlandi. Natijada fuqarodan jami qiymati 1 million 230 ming soʻmlik 4 turdagi bilyard anjomlari daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qoʻyildi.
Shaharning Alisher Navoiy koʻchasida yashovchi Sh.S. esa hujjatsiz ravishda kompyuter oʻyinlarini tashkil etish bilan shugʻullanayotgani maʼlum boʻldi. Nazorat tadbirida qiymati 25 million 250 ming soʻmlik 11 turdagi kompyuterlar daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi.