Uchtepaliklar yangi mahalla binosiga ega bo‘ldi
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi bayrami shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda Namangan viloyatining Norin tumanidagi “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini yangi idoraga ega bo‘ldi.
Mahalla binosining rasmiy ochilish marosimida Norin tumani hokimligi, viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdi.

“Uchtepa” guzari tadbirkor Ixtiyor Mirzamahmudov homiyligida davlat-xususiy sheriklik shartlarida barpo qilinib, mahalla idorasi uchun 5 ta xona ajratildi.
To‘rt yarim mingga yaqin aholi istiqomat qiluvchi mazkur mahallada yig‘in idorasi oldinlari tadbirkorga tegishli bo‘lgan joyda atigi ikkita xonada ishlab kelgan. O‘z navbatida, “Mahalla” fondi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati uchun zaruriy mebellar va kompyuter to‘plami bilan to‘liq ta’minlab berildi.

– To‘yni to‘yona bilan nishonladik, – deydi “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilshod Sheraliyev. – Bu ham mahallamiz uchun unutilmas, tarixiy kunga aylandi. Bunday e’tibordan ruhlangan holda, kelgusida ham davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan “Mahalla raisi - islohotchi” tamoyili asosida izchil va samarali ishlashga intilamiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA