Uchrashuvlarda muammolar bartaraf etilmoqda
Sud jarayonlarida ishni xolisona ko‘rish va adolatni qaror toptirishda advokatlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega.
Namanganda viloyat sudi hamda Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamkorligida sudyalar va advokatlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot avvalida Namangan viloyat sudi raisi Alisher Usmonov, Advokatlar palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i O‘ktamjon Jamolov sud tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaviy tartib-taomillar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni aholiga to‘g‘ri yetkazishda advokatlarning o‘rni muhim ekanini ta’kidladi.


Uchrashuvda sud jarayonlarida uchrab turuvchi ayrim muammoli vaziyatlarga barham berish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bu borada advokatlar duch kelayotgan va o‘z navbatida odil sudlovni ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar ham ro‘y-rost o‘rtaga tashlandi. Sud amaliyotida advokatlar bilan yuzaga kelayotgan muammolarga atroflicha baho berildi, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotgani aytib o‘tildi.


Xususan, ayrim sud binolarida advokatlar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani, sud majlislarining belgilangan vaqtda boshlanmasligi og‘riqli nuqta ekani bildirilib, ularning sabablari tushuntirib o‘tildi va bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olingani aytildi.
Ochiq, samimiy, tarzda o‘tgan muloqot yakunida bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazib turishga kelishib olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA