Uchquduqlik iste’molchilarga ham ID-kartalar berilmoqda
Navoiy viloyatining Karmana, Qiziltepa, Konimex, Navbahor, Nurota, Xatirchi tumanlari va Zarafshon shahrida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadigan mahalla va ovullarga suyuq gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali tarqatilsa, viloyat markazidan 300 km uzoqlikda joylashgan Uchquduq tumani va shahri iste’molchilari “Uchquduq” gaz to‘ldirish stansiyasi orqali suyuq gaz bilan ta’minlanadi.
– Stansiyaning kunlik qabul qilish quvvati 270 tonna va kunlik tarqatish quvvati 20,4 tonnadan iborat, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. – Ayni kunda tumandagi iste’molchilarning 6850 tasiga gaz quvurlari orqali, 2846 tasiga esa shartnoma asosida maishiy gaz balloni orqali suyuq gaz yetkazilmoqda. Yil boshidan buyon hududdagi iste’molchilar maishiy gaz balloni orqali qariyb 130 tonna, quvur orqali esa 624,5 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.
Suyultirilgan gaz ta’minotining avtomatlashtirilgan tizimini keng joriy etish ishlari “Uchquduqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan ham jadallik bilan olib borilmoqda. Ayni paytda tumanda 621 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud bo‘lgan “Yo‘lchilar” mahallasida ID-karta tarqatish ishlari boshlab yuborildi.
– Tumandagi jami 9 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘iniga maishiy gaz ballon bilan suyultirilgan gaz tarqatiladi, – deydi bo‘limning suyultirilgan gaz ta’minoti xizmati boshlig‘i Shahboz Toshmurodov. – ID-karta tarqatishni “mahallabay” tizimda boshladik. Iste’molchisi eng ko‘p bo‘lgan “Yo‘lchilar” mahallasida jarayon davom etmoqda. Mutaxassislarimiz karantin qoidalariga amal qilgan holda xonadonma-xonadon yurib, hujjatlarni rasmiylashtirgan holda karta tarqatayapti. Maishiy gaz ballonga o‘rnatilgan stikerga teginmaslik, ID-kartani uchinchi shaxsga bermaslik borasida iste’molchilarga tushuntirish ishlarini olib borayapmiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 316 nafar iste’molchiga ID-karta rasmiylashtirilgan. Maishiy gaz ballon tarqatish ishlariga esa 2 ta transport vositasi jalb qilingan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA