Uchqo‘rg‘on tumani turizm maskaniga aylanadi
Namangan viloyatida turizmni rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida Uchqo‘rg‘on tumani turistik salohiyatini oshirishga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Xususan, Norin daryosi bo‘yida “Mustaqillik” gastronomik turizm ko‘chasini barpo etish, Chek mahallasidan o‘tgan yo‘lning daryo tomoniga savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, dam olish ob’ektlarini barpo etish va shu orqali 80 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha qiymati 4,8 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yo‘lning ikkinchi tomonida esa ko‘p qavatli uylar qurilib, ushbu uylarning birinchi qavatida restoran, kafe va do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman markazidagi halqa yo‘li, xiyobonlarning landshaft dizayni, turistik jozibadorligini oshirish maqsadida esa 600 million so‘mlik obodonlashtirish ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Norin daryo yoqasidagi karting maydoni yoniga ikki qavatli zamonaviy mehmonxona barpo etiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA