Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy asoslari
Navoiy davlat pedagogika institutida “Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy asoslari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda olimlar, professor-o‘qituvchi va talabalar onlayn ishtirok etdi. Uchinchi Renessans g‘oyasini shakllantirishda, avvalo, ijtimoiy-gumanitar, fan va ta’lim sohalari, yo‘nalishlari, milliy g‘oya va uning ilmiy nazariy jihatlarining islohotlar bilan bog‘liqligini o‘rgatish, shuningdek, ma’naviy, siyosiy, axloqiy, g‘oyaviy, estetik ta’lim-tarbiyaga alohida e’tibor qaratish kerakligi alohida ta’kidlandi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”, deb ta’kidlagan edi.
Konferensiyada Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlaridagi universitet va institutlar professor-o‘qituvchilari tomonidan "Yangi O‘zbekistonda milliy taraqqiyot – Uchinchi Renessans poydevori", "Tarix saboqlari va Uchinchi Renessans zarurati", "Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda madaniy meroslarimizning ahamiyati", "Ta’lim falsafasi – Uchinchi Renessans shakllanishi va rivojlanishining metodologik asosi", "Uchinchi Renessansni milliy g‘oya sifatida ilmiy jihatdan talqin qilish masalalari" kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Konferensiya yakunida mavzu doirasidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar bildirilib, umumlashtirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA