Buxoroda mazkur mavzuda o‘tkazilayotgan Respublika ilmiy-amaliy anjumani davom etmoqda.
Konferensiya o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Unda ziyolilar “Yurtimizda birinchi ma’rifiy uyg‘onish davrida yetishib chiqqan buyuk allomalar, qomusiy bilim sohiblari va mutafakkirlarning ilmiy-ijodiy kashfiyotlari, umumbashariyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi”, “Ikkinchi Sharq uyg‘onish davri – “Temuriylar Renessansi”da ma’naviy-ma’rifiy siyosat natijasida bunyod etilgan ulug‘ saltanatning o‘rni va ahamiyati, ilm-fan va madaniyat ravnaqi yo‘lida yaratilgan imkoniyatlar”, “Mamlakatimizda demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratish” borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyati mavzusida ilmiy musohabalar olib bordi.
O‘zbekistonda tarixan qisqa davrda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va madaniy muhit paydo bo‘ldi. Olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar zamirida yangi davr – Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yotgani ham hech birimizga sir emas.
Yurtimiz qadim-qadimdan ilm-ma’rifat markazi, sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan. Ushbu tabarruk zamindan dunyoga ilmu-urfon ziyosini taratgan buyuk allomalar, olimu mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ular ilm-fanning ko‘plab jabhalariga asos solib, jahon tamaddunining shonli mayog‘i bo‘lib kelgan. Jumladan, yurtimiz hududida IX-XII asrlarda ilm mash’ali porladi. Bu davrda yurtimiz hududida Birinchi Renessans yuzaga keldi va u butun dunyo tan oladigan mashhur allomalarni yetishtirib berdi. Xususan, Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy, ijodiy kashfiyotlari umumbashariyat taraqqiyoti rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi.
Islom madaniyatining oltin asri deb e’tirof etilgan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Burhonuddiy Marg‘inoniy, Abul Mo‘yi Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar butun musulmon olamining faxru iftixori hisoblanadi. Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan saltanat yurtimizda Ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni Ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharofiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab hattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Istiqlolimizning ilk davrida jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning yuksalish tendensiyasi qaror topishi, unga xos ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarning mujassamligi e’tirof etilmoqda. Milliy ruh va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘un bo‘lgan ijtimoiy tafakkur – mamlakatimiz barqaror rivojlanishining mezon va mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
[gallery-11959]
Anjuman yakunida olimlar, ziyolilar tadbir davomida bildirilgan barcha taklif va tavsiyalarni o‘rganib chiqdi. Ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish borasida fikr bildirdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA