Poytaxtimizda Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilari ishtirokida “III Renessans bunyodkorlari” shiori ostida Bitiruvchilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Bitiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda mingdan ziyod bitiruvchi-yosh ishtirok etdi.
Tadbirni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng islohotlar, qurultoyning ahamiyati haqida to‘xtalib, bitiruvchilarga oq yo‘l tiladi.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda Agentlik tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi hamda 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy o‘quv yilida Prezident maktablarini 319 nafar, ijod maktablarini 260 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarni 5 ming 856 nafar o‘quvchi tamomlamoqda.
Prezident maktablarida “STEM” fanlaridan 144 nafar xorijiy pedagog ta’lim beradi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga (132 nafar) nisbatan 12 nafarga o‘sgan. Prezident maktablari bitiruvchilari dunyo reytingida 4-o‘rinda turuvchi Harvard, 17-o‘rinda turuvchi Prinston hamda AQSH va Yevropa kabi dunyoning 37 ta nufuzli universitetning 100 foizlik grantini qo‘lga kiritgan.
Shu yilning o‘zida ijod maktablari bitiruvchilarining 81 foizi (215 nafari), ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilarining 56 foizi (3 ming 286 nafari) xalqaro va milliy darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Bitiruvchilarning 56 foizi (148 nafari) muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlardan takliflar qabul qildi.
Prezident maktabini bitirayotgan 319 nafar o‘quvchi xalqaro til bilish (IELTS) sertifikatini qo‘lga kiritdi, xalqaro matematika va ingliz tilini bilish darajasini baholovchi (SAT) sertifikatga ega bitiruvchilar soni 200 nafarni, nufuzli xalqaro universitetlarga qabul qilinganlar soni 210 nafarni, to‘liq grant asosida qabul qilinganlar 37 nafarni tashkil qiladi. Nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan taklif xatlari kelib tushishi davom etmoqda.
“Uchinchi Renessans bunyodkorlari!” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda vatanparvarlik, huquqiy targ‘ibot hamda so‘nggi yillardagi muhim islohotlar haqida so‘z bordi. Xususan, yoshlar sifatli ta’lim va tarbiya olib, barkamol shaxs bo‘lishi uchun boshlangan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlab o‘tildi. Tadbir davomida yoshlar ham so‘z olib, o‘z fikrlari va takliflarini bildirib o‘tdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA