“Uchinchi Renessans asosi – Yangi O‘zbekiston”
O‘zbekistonda Xalqaro madaniy meros haftaligi doirasida “Sharq Renessanslari fenomeni: davlatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) majlislar zalida “Ma’rifat nuri: XIX-XX asrlari adabiy va ilmiy-madaniy islohotlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan boshlandi.
Tadbirga ko‘plab xorijiy davlatlardan olimlar, ekspertlar va madaniy tashkilotlar rahbarlari, yoshlar va OAV xodimlari, shuningdek, CNN va Euronews ekspertlari taklif etildi.
Anjumanda moderator sifatida O‘zbekiston Respublikasi ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov mamlakatimizda kechayotgan ma’naviy yangilanish jarayonlarida ona tilimizni asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimizning merosini o‘rganish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanishi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov “Til – millat oynasi” mavzusida nutq so‘zladi.
Shundan so‘ng “Uchinchi Renessans asosi – Yangi O‘zbekiston” bo‘limi ochildi. Tadbir doirasida “Ma’rifat karvoni” memorandumi imzolandi. Xorijiy OAV rahbarlari ham o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Euronews kompaniyasidan Fred Xarrison “Yangi O‘zbekiston Yevropa OAVlari nigohida” mavzusida ma’ruza qildi, CNN kompaniyasidan Imron Ahmad esa “CNN va O‘zbekiston hamkorligi” mavzusida so‘zga chiqdi.
“O‘zbekiston numizmatikasi” loyihasini Miho muzeyi ilmiy xodimi, fan doktori Sergey Laptev taqdim qildi. Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez (Turkiya) o‘zining yangi “Hozirgi o‘zbek adabiyoti” kitobini taqdim etdi.
"Pitch va “Sila sveta” studiyasi hammuassisi va ijodiy direktori Boris Kislitsin (Ispaniya) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan boshlangan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasini tayyorlashda qo‘llaniladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar haqida gapirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston ilmiy doira vakillari va xorijiy ekspertlar Yangi O‘zbekistonda ma’naviyat va ma’rifat mavzusidagi taqdimotlari bilan qatnashdi.
Taqdimot yakunida xorijiy ekspertlar ishtirokida loyihalar muhokamasi o‘tkazildi.
N.Usmonova, O‘zA