Uchastka saylov komissiyalari a’zolari o‘qitilmoqda
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida ayni paytda hududlarda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv seminarlar o‘tkazilmoqda.
Bir necha bosqichlarda tashkil etilgan mazkur o‘quvlarda dastlab uchastka saylov komissiyalari rais, o‘rinbosar va kotiblari o‘qitildi. Endilikda komissiya a’zolari saylov qonunchiligi, O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazishning tartiblari, saylov kuni amalga oshiriladigan ishlar, ovoz berish jarayonlarini tashkil etish kabi masalalar batafsil tushuntirilmoqda.

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand saylov okrugi hududida ham bugundan navbatdagi o‘quvlar boshlandi.
Xususan, Narpay tumanida to‘rt sektorda uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori Shuhrat Haydarov va 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi Madina O‘roqova uchastka saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari, saylovda ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxati bilan ishlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, saylov kuni ovoz berish jarayonlarida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni e’lon qilish, kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari haqida komissiya a’zolariga tushuncha berdi.

– Oldingi siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etganman, – deydi Narpay tumanidagi 491-uchastka saylov komissiyasi a’zosi Adham Eshonqulov. – Lekin har bir saylov jarayonining o‘ziga xos tomonlari bor, mas’uliyati juda katta. Shuning uchun bu kabi seminarlarda saylovga oid bilimlarimizni mustahkamlayapmiz, bilmaganlarimizni o‘rganyapmiz. Avvalgi saylovlarda duch kelgan muammoli masalalar yuzasidan savollarimizga javob olyapmiz.
G‘.HASANOV, O‘zA