Uch oyda 200 mingdan ortiq xizmat koʻrsatildi
Aholiga xizmat koʻrsatishda qulay shart-sharoit yaratish eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Xalqimizning ijtimoiy hayotida davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji va talabi ortib bormoqda. Ayni kunda davlat xizmatlari markazlari orqali 140 dan ortiq turdagi davlat xizmati koʻrsatilmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tuman va shahar markazlari tomonidan 200 ming 868 ta xizmat koʻrsatildi.
Tahlillarga koʻra, davlat xizmatlari boʻyicha murojaatlarning 5 ming 797 tasini tadbirkorlikni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻlsa, 24 ming 289 tasini bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish, 8 ming 206 tasini jamgʻarib boriladigan pensiya jamgʻarmasi hisobiga qoʻyish, 3 ming 84 tasini qurilishi tugallangan (rekonstruksiya qilingan) obyektni foydalanishga qabul qilish bilan bogʻliq murojaatlar tashkil etdi.
Oʻtgan 3 oy mobaynida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida 3 ming 050 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarining 1 ming 236 tasi “Oʻztransgaz”, 706 tasi hokimliklar, 287 tasi yer resurslari va davlat kadastr xizmati, 206 tasi soliq, 148 tasi “Oʻzbekenergo” tizimi, 83 tasi qurilish, 19 tasi davlat sanitariya-epidemologiya nazorat markazi, 3 tasi taʼlim muassasalari, 331 tasi boshqa xizmat koʻrsatuvchi idoralar hissasiga toʻgʻri kelgan. Aniqlangan qonunbuzilishlar boʻyicha 19 ta taqdimnoma kiritildi, 25 nafar shaxsga intizomiy jazo qoʻllanilgan boʻlsa, 71 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Bugungi sinovli kunlarda ham Davlat xizmatlari markazlari oʻz faoliyatini toʻxtatgani yoʻq. Biroq, aholi xavfsizligini taʼminlash birinchi navbatdagi masala hisoblanadi. Koʻpchilik boʻlib toʻplanib turish taʼqiqlangan bugungi kunda buning oldini olish talab etiladi. Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina idoralarda amalga oshiriladi. Shuningdek, FHDYO boʻlimlarida fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina (tugʻilish va oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish) tashkil qilingan darcha orqali amalga oshirish belgilab qoʻyildi. Shuningdek, Davlat xizmatlari markazlarda elektron raqamli imzo berish xizmati ham koʻrsatilmoqda.
Bugun joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali aholi hamda tadbirkorlik subyektlarining kundalik muammolariga tezkorlik bilan yechim topilmoqda. Bu yurtdoshlarimizga beqiyos qulayliklar yaratilgani, xalqimizga zamonaviy va innovatsion xizmat koʻrsatishning istiqbolli tizimi ishga tushganidan dalolat beradi.
Musajon Karimov,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi
bosh maslahatchisi