Uch nafar bokschimiz Osiyo chempioni bo‘ldi
Tailandning Chiangmay shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ayollar yo‘nalishida final janglari o‘tkazildi.
Kun davomida O‘zbekiston ayollar boks terma jamoasining 7 nafar vakili Osiyo chempionatida final janglarini o‘tkazdi. Unda Farzona Fozilova -48 kg. vaznda finalda vetnamlik Linh Chi Ngoni 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, -52 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Feruza Kazakova finalda ukrainalik Svitlana Umanskaga qarshi jang o‘tkazdi va 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, terma jamoamiz hisobiga oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
Vazni -66 kg. bo‘lgan Navbahor Hamidova esa finalda Xitoy vakilasi Xuiping Yuanni 4:1 hisobida taslim etib, Osiyo chempioniga aylandi.
Musobaqaning finaliga qadar o‘tkazilgan bellashuvlarda zafar quchgan Aziza Yoqubova, Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova, Oltinoy Sotimboyeva kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, chempionatda Sabina Boboqulova va Sohiba Ro‘zmetova kabi charm qo‘lqop ustalarimiz bronza medali sohibi bo‘ldi.
Shu tariqa, Osiyo chempionatida O‘zbekiston ayollar terma jamoamiz 3 ta oltin, 3 kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ertaga, 11 dekabr kuni erkaklar o‘rtasidagi final janglari bo‘lib o‘tadi. Finalga yo‘l olgan bokschilarimiz bilan tanishing:
Erkaklar:
-48 kg: Shodiyorjon Meliqo‘ziyev
-51 kg: Asilbek Jalilov
-54 kg: Shahzod Muzaffarov
-57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-63,5 kg: Adhamjon Muhiddinov
-67 kg: Mujibillo Tursunov
-71 kg: Havasbek Asadullayev
-75 kg: Javohir Ummataliyev
-80 kg: To‘rabek Habibullayev
-86 kg: Jasurbek Yo‘ldoshev
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA