Uch avlod uchrashuvi
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasida 9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. “Sirdaryo” chegara bojxona postida o‘tkazilgan tadbirda bojxona faxriylari, yosh xodimlar va Guliston shahridagi 9-son umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Urush va mehnat fronti faxriylari, sohada uzoq yillar xizmat qilgan nuroniylarning hayotiy tajribasini yosh avlodga yetkazish, ularda hurmat va ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir, ayniqsa, keyingi avlod vakillari uchun mazmunan boy va unutilmas uchrashuv bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Lola Xalilova yurtimizda keksalar va faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Ularning hayotiy tajribasi yosh avlod uchun muhim ibrat maktabi ekanini alohida qayd etdi.

Uchrashuv davomida faxriylar o‘z xizmat faoliyatidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashib, bugungi tinch va farovon hayot uchun shukronalik bildirdilar. Shu bilan birga, bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, zamonaviy texnik vositalarning joriy etilishi xizmat samaradorligini oshirayotganini ta’kidladilar.

Tadbirning amaliy qismida ishtirokchilar bojxona postida yaratilgan shart-sharoitlar, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonlari hamda nazorat tizimi bilan tanishdilar. Xususan, “Z-Portal” inspeksion ko‘rik majmuasi imkoniyatlari namoyish etildi.

Shuningdek, xizmat itlari ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rgazmali chiqishlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.


– Mazkur uchrashuv avlodlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, yoshlarda Vatanga sadoqat va kasbga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutdi. Ayniqsa, yosh avlod vakillari uchun katta va o‘rta avlod vakillari tomonidan yurtimizda, xususan, bojxona tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar haqida bildirilgan fikrlar ularda bojxona sohasiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga, bilimlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratdi, – deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Alisher G‘afforov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri