Uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi va Tarix fakulteti hamkorligida tadbir tashkil etildi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramini keng nishonlash maqsadida o‘tkazilgan «Xotira abadiy – qadr muqaddas» mavzusidagi tadbir talaba-yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.

Tadbirda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, urush faxriysi Abbos ota Appolov, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari faxriysi, zaxiradagi polkovnik Bobur Nigmatov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi Davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, urush va mehnat faxriylari respublika pansionati nuroniylari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda co‘zga chiqqan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, urush faxriysi Abbos ota Appolov urush davrida o‘zbek xalqining frontda va front ortida ko‘rsatgan yuksak jasorati, sabr-matonati haqida gapirar ekan, bu jasoratlar bugungi yoshlarga o‘rnak ekanligini alohida ta’kidladi.

«Bugun Prezidentimiz tomonidan yoshlarning bilim olib, har tomonlama barkamol inson bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bunday sharoitlarni biz faqat orzu qilardik», deydi Abbos ota.
O‘z so‘zi davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi Davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi urush yillarida haqiqiy jasorat va fidoyilik namunasini ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir so‘ngida faxriy mehmonlar va tadbirda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan tarixchi olimlarga universitetning esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti
Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi