JICA vitse-prezidenti Samarqandga keldi
Samarqand viloyati hokimligida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ijrochi vitse-prezidenti Katsura Miyazaki boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Adiz Boboyev agentlik bilan hamkorlikda ta’lim, qishloq xo‘jaligi, yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiya va grant mablag‘larini jalb etish hamda ularni amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Katsura Miyazaki boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida ham bo‘ldi.
Institut rektori, professor Shavkat Hasanov muassasadagi ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik aloqalari, jumladan, JICA bilan birgalikda amalga oshirilayotgan xurmoni quritish orqali qishloq oilalari daromadini oshirishga qaratilgan loyiha haqida ma’lumot berdi.

Loyiha doirasida mahalliy aholi uchun tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar, xurmoni quritish bo‘yicha tajribalar hamda institut vakillarining Yaponiyaga tajriba almashish tashriflari samarasi haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish orqali Yaponiyaning ilg‘or qishloq xo‘jaligi tajribalarini mahalliy sharoitga moslashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri