Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi
Odatda insonga tilak bildirilganda “umri uzoq, tani sog‘, rizqi butun bo‘lsin” deyiladi. Uzoq umr esa, 100 yosh orasi bilan o‘lchanadi. Shunday ulug‘ yoshni qarshilayotgan insonlarning ziyoratida bo‘lish, ularning duosini olishga oshiqish ham bizning odatlarimizga xos xislat. Ular ulug‘ yoshga kirganligi uchun emas, shuncha vaqt davomida hayot sinovlariga bardosh berganligi, bir asr tarixga guvoh bo‘lgani uchun ham hikoyalarini eshitish juda maroqli.
Toshkent viloyati Bekobod shahrida umrguzaronlik qilib kelayotgan Hasanboy ota ham shu yil 100 bilan yuzlashdi. Qahramonimiz bilan suhbatlashish maqsadida u kishi yashayotgan manzilga yetib bordik. Otaning uy peshtoqiga “Bu xonadonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xolmatov Hasanboy istiqomat qiladi” degan lavha osiqliq turardi...
Oshni damlagandek, yerni damlagandim...
– Ota-onam dehqonchilik bilan shug‘ullanishardi. Eshakka omoch qo‘shib yer haydashni boshlaganimda chamasi 10 yoshlarda edim, – deydi Hasanboy ota Xolmatov. – Juda maroqli mashg‘ulot edi. Ekin uchun yer tayyor, endi urug‘ni qadasak bo‘lgani... ammo otamning bir sinovi ham bor ediki, undan o‘tish uchun ko‘proq ter to‘kishimga to‘g‘ri kelardi. Tuxumdek kattalikdagi toshni qo‘liga olgan otam, uch-to‘rt quloch balandlikka otardi. Qaytib tushgan tosh haydalgan yerga botmasdi. Yerni qayta haydashimni aytardi. Bu hol bir necha marotaba takrorlangandan keyingina tosh yerga botardi. Shunda otam “Oshni damlagandek, yerni damlabsan” derdi. “Damlangan” yerga ekilgan oq jo‘xorining hosili juda ham yaxshi bo‘lardi...
Tomorqamizning bir qismini oftob tig‘ida uch oy kuydirardik. Sentyabr oyida esa, kuydirilgan yerga uch bargli sabzi ekardik. Hozirgidek qizil va sariq emas, u vaqtlarda oq sabzi ekilardi. Kichkina joydan ham tonnalab hosil olinardi. Noyabr oyining oxirlarida qirg‘izistonlik kirakash yigitlar tuyalarda kelib, yetishtirgan hosilimizni Andijondan Marg‘ilonga yetkazib berishardi. Men ham o‘sha paytlarda otamga ergashib bozorga borardim.
U davrlar bolalikning shirin xotiralari sifatida esimda qolgan. Hech qachon unutmayman. Ayniqsa, onamning biz uchun pishirgan taomlari, otamning bizga bergan o‘gitlarini doim qumsayman. Ularning gashti boshqacha edi...
Frontga yo‘l
– Yoshim 18 ga yetganida meni ham armiya safiga chaqirtirishdi. Qisqa muddatli tayyorgarlikdan keyin, 1943 yilning dekabr oyida bizni front chizig‘iga olib ketayotgan eshelonga dushman samolyotlari tomonidan hujum uyushtirildi. Kimdir u tomonga yashiringan, kimdir so‘l tomonga. Biz ko‘pchilik bo‘lib yonimizdagi o‘rmon tomon yugurdik. Barcha millat va davlatdan urushga safarbar qilingan norg‘ul yigitlar o‘z tillarida “ona” deya baqirgancha yugurardi. Urush biz uchun shu tariqa boshlangandi...
Frontda tankka qarshi to‘plarga snyard yetkazuvchi vazifasida bo‘ldim. Bitta to‘pni o‘qlash, mo‘ljalga olish va otish vazifasini 5 kishi bajarar edi. Men jamoaning 5-a’zosi edim. Xafvsizlik nuqtai nazaridan 150-200 metrcha chamasi uzoqlikda joylashtirilgan snyardlarning og‘irligi 15 kilogrammni tashkil qilar, bitta qutida 3 dona to‘p o‘qi bo‘lib, uning og‘irligi 45 kilogramm edi. Ikki qo‘lim bilan ikkita qutini tortib, orqa kuragimda esa yana bitta qutini opichlab kelaman. Umumiy hisobda 135 kilogramm vazndagi yukni to‘pga yetkazib beraman. Vazifamizning og‘ir tomoni shunda ediki, tinim yo‘q edi. To‘xtab qolishning oqibati og‘ir bo‘lishini barchamiz yaxshi bilar edik.
Bir safar, snaryadlar joylashgan joyga borganimda to‘p ustiga dushman o‘qi kelib tushdi. Jamoadan bitta men tirik qoldim... U kunlarni eslasam, o‘pkam to‘lib ketadi.
G‘alabani Berlinda kutib oldik. Hamma xursand. Shunda ko‘pchilik jangchilar devorga ismi va manzilini yozayotganiga ko‘zim tushdi. Men ham yozmoqchi bo‘ldim, ammo bo‘sh joy qolmagan edi. Shunda quroldosh do‘stimizning yelkasiga chiqib, teparoqdan bo‘sh joy topdimda ismim, manzilim va millatimni yozdim. Oradan yillar o‘tib, 1972 yil Berlinga borganimizda yozganimning yarmi o‘chib ketganini, ammo “Hasanboy, Andijon” degan jumlalar hali ham devorning tepa qismida borligidan xursand bo‘ldim. Yana bir bora o‘sha kunlarni xotirlagandik...
Uyga qaytish
– Urush tugab bo‘lishiga qaramasdan, bizni 1950 yil uyimizga qaytarishgan. O‘shanda opam men uchun bir qizni ko‘z ostiga olib yurgan ekan. Qaytishim bilan to‘y qilib, o‘sha qizga uylanganman. 26 yoshga to‘lganimda katta o‘g‘lim dunyoga kelgan. Birin ketin 9 farzandli bo‘ldik. Ikkisining umri qisqa ekan, peshonamizga bitmadi. Qolganlarini barchasini uyli-joyli qildik. Urushdan keyingi hayotim va faoliyatimni Bekobod shahrida o‘tkazdim. Bu orada metall, g‘isht zavodlari va Sirdaryo GRES da ishladim.
O‘zimga xiyonat qilmadim
Ortda qolgan umrimga qarab turib shuni angladimki, har qanday holatda ham halol va poklikka intilish kerak ekan. Negaki, umr baribir o‘tar ekan. Uni to‘xtatishning imkoni yo‘q. Ammo, yoshing o‘tib, vijdoning oldida sarhisob berayotganingda ko‘ngil og‘riydigan amallarni qilmaganliging xotirjamlik bag‘ishlar ekan. Halovat topar ekansan.
Bir umr oylikka qarab yashadim. Oilam shunga qanoat qildi. Rahbarlik lavozimlarida ishlaganimda ham uni suiiste’mol qilmadim. Eng asosiysi o‘zimga xiyonat qilmadim...
O‘zbek ofitserlari
Bekobod shaharchasining o‘zida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 600 dan ortiq edi. Bugun esa 2 nafar qolibmiz. “Uch avlod uchrashuvi”, “Ochiq eshiklar kuni” va harbiylar bilan turli uchrashuvlar chog‘ida harbiy qismlarga boramiz. Bugungi kun sharoitlarini ko‘rib, to‘g‘risi, ko‘zimga yosh keladi. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor... Dorulomon kunlarning qadriga yetish, tinchlikni qadrlash kerak.
Uchrashuvlarda yoshlar urush haqida ko‘proq gapirishimizni so‘rashadi. Ammo u kunlarni ko‘rish u yoqda tursin, eslashning o‘zi insonni ruhiy azoblaydi. Shuning uchun o‘sib kelayotgan bolalarimizga doim ta’kidlaymanki, urushning nomi o‘chsin, hech qachon urush bo‘lmasin. Jang maydonida o‘tgan har daqiqaning o‘tishi shunchalar qiyinki, bir soniyadan keyin nima bo‘lishini aytish qiyin. Topishdan ko‘ra, yo‘qotishlar ko‘p bo‘lgan. Yangi kiyim kiymadik, qornimiz to‘yib ovqat yemadik...
Bugungi kunlarning shukronasini qilish kerak. Faqat yaxshi yashash, o‘qish va intilish lozim. Bugungi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bizda bo‘lgan emas. Hatto, tasavvur ham qilolmaganmiz. Shu Vatanni sevish, uni ko‘z qorachig‘iday asrash kerak.
Sherzod SHARIPOV
“Vatanparvar” muxbiri.
O‘zA