Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan firibgar pora bilan qo‘lga tushdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda arnasoylik Olg‘irxan O‘tirbayev (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirilgan) avvaldan tanish bo‘lgan fuqaroga, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulotlariga qatnashmasdan haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qiladi. Buning evaziga undan 11 million so‘m so‘ragan. Pullarni olgan vaqtida O‘tirbayev ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.
Dono xalqimiz, tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r, deb bejizga aytmagan. Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash shamoli ne-ne “tuyalar”ni uchirib yuborayotganida, Olg‘irxandek “echkilar”ni bu shamolning zo‘rligidan osmon falakda “boz barak”dek pirpirab uchib ketishi hech gap emasligini, nahotki unga o‘xshaganlar tushunmayapti.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA.