Tutingan ota-onalarga sertifikatlar topshirildi
Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik uyi” qoshida tashkil etilgan “Tutingan ota-onalarni tayyorlash kursi” bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini tanlash, oila institutini mustahkamlash hamda ijtimoiy yetimlikning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu kursda viloyatning Jizzax shahri, Sh.Rashidov, Zomin va Paxtakor tumanlaridan jami 16 nafar fuqarolar o‘qishga jalb etilib, ularga malakali mutaxassislar tomonidan 72 soatlik o‘quv dasturi bo‘yicha saboq berildi.
Bundan tashqari, ushbu o‘quv kursi tinglovchilariga “Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha milliy komissiya”, viloyat halq ta’limi boshqarmasi hamda “Istiqlol avlodi” ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazining ma’sul xodimlari tomonidan seminar-trening va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Tadbir yakunida huquqshunos G.Hamrayeva, viloyat halq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi T.Kizenko, 29-sonli “Mehribonlik uyi” direktori O.Hamrakulovalar tomonidan “Tutingan ota-onalarga tayyorlash kursi” bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA