Turon harbiy arxeologiyasi muammolari muhokama qilindi (+video)
FA Tarix institutida uyushtirilgan “Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” ikkinchi ellararo ilmiy yig‘ini bu borada qo‘lga kiritilgan so‘nggi ilmiy yangiliklar va xulosalar muhokamasiga bag‘ishlandi.
O‘zbek harbiy san’ati taraqqiyotini chuqur tadqiq etishda harbiy arxeologiya muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. U mudofaa inshootlari, qal’a va qo‘rg‘onlar, qurol-yarog‘ namunalari, harbiy anjomlar, istehkomlar hamda jang maydonlariga oid ashyolarni o‘rganish orqali yozma manbalarda aks etmagan yoki yetarlicha yoritilmagan harbiy jarayonlarni tiklash imkonini beradi.
Ayniqsa, arxeologik ashyolarni yozma manbalar bilan qiyosiy tahlil qilish orqali muhim ilmiy xulosalarga erishish mumkin. Shu jihatdan, harbiy arxeologiya o‘zbek davlatchiligida qadimdan shakllangan harb ishining tizimli rivojlanishini aniqlash, milliy harbiy san’at tarixining moddiy asoslarini ilmiy muomalaga kiritish va uning davlatchiligimiz taraqqiyotidagi o‘rnini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. FA Tarix institutida uyushtirilgan “Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” ikkinchi ellararo ilmiy yig‘ini bu borada qo‘lga kiritilgan so‘nggi ilmiy yangiliklar va xulosalar muhokamasiga bag‘ishlangan. Ushbu tadbirda o‘zbek olimlari bilan bir qatorda Ozarbayjon, Qozog‘iston va Tojikiston va Rossiyadan ham yetakchi mutaxassislar ishtirok etdilar.
“Turon harbiy arxeologiyasi muammolari” ikkinchi ellararo ilmiy yig‘inida muhokama qilingan masalalar, ilgari surilgan yangi g‘oyalar va taqdim etilgan tadqiqot natijalari Turon xalqlarining harbiy tarixi va harbiy arxeologiyasini milliy hamda xalqaro miqyosda o‘rganishda yangi ilmiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi. Yig‘in birinchi ellararo ilmiy anjumanda boshlangan ilmiy muloqotni izchil davom ettirib, arxeologik, yozma va boshqa manbalar asosida qo‘lga kiritilgan yangi ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritish, ularni qiyosiy tahlil qilish, tadqiqotchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Turon harbiy arxeologiyasi bo‘yicha tizimli tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qildi.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA