Turli millat vakillari mehnati e’tirof etildi
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash yo‘lidagi ibratli ishlari uchun bir guruh yurtdoshlarimiz 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosati bilan orden va medallar, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan edi.
Buxoroda ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari, milliy madaniy markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Unda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Botir Zaripov mukofotlanganlarni tabrikladi.
Bugun viloyatda istiqomat qilayotgan 35 dan ortiq boshqa millatga mansub 100 ming nafarga yaqin aholi vakillari hudud ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyoti yo‘lida munosib xizmat qilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatdan saylangan deputatlarning 2 nafari, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlarining 2 nafari hamda shahar va tumanlar kengashlari deputatlarining 6 nafari boshqa millatga mansub fuqarolar ekanligi qonun ijodkorligi va mahalliy boshqaruv tizimida ham ularning o‘rni nechog‘li zalvorli ekanligidan dalolat beradi.
Tadbirda “Svetlitsa polska” O‘zbekiston polyak milliy madaniy markazining Buxoro viloyati bo‘limi raisi o‘rinbosari Monich Nadejda Moiseyevna II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni hamda turli millat vakillariga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
[gallery-8297]
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA