TurkPA: raqamli taraqqiyot va xalqlar farovonligi yo‘lida parlamentlararo hamkorlik kuchaytiriladi
Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA)ning XV yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
«Iris-Ordo» kongress-xollida o‘tkazilgan tadbir «Sun’iy intellekt va texnologik taraqqiyot davrida turkiy dunyoda parlamentlararo hamkorlik» mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya parlamentlari, kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yalpi majlis oldidan Assambleya Kengashining yig‘ilishi o‘tkazilib, raislik Qozog‘istondan Qirg‘izistonga topshirildi.
Majlisni boshqargan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Kenesh To‘rag‘asi Marlen Mamataliyev qardosh xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda parlament diplomatiyasining ahamiyatini ta’kidladi. Qirg‘iziston raisligi davrida doimiy komissiyalar hamkorligini kuchaytirish, yosh parlamentariylar va ayol deputatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilishi bildirildi.
Ozarbayjon Milliy Majlisi Raisi Sohiba G‘afarova, Qozog‘iston Qurultoyi Raisi Aybek Dadebay va Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Qurtulmush turkiy davlatlar hamkorligi o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlar asosida rivojlanayotganini qayd etdi. Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohalarida qonunchilikni takomillashtirish, tajriba almashish va parlamentlararo aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva turkiy davlatlar hamkorligi mazmun va amaliy natijalar jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchi mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish, umumiy imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda dolzarb masalalarga birgalikda yechim topishga mustahkam asos yaratayotganini qayd etdi.
– Sun’iy intellekt ta’lim, tibbiyot, iqtisodiyot va davlat xizmatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Ayni paytda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, raqamli xavfsizlik va texnologiyalardan teng foydalanishni ta’minlash dolzarb vazifaga aylanmoqda. Texnologiyalar insonga xizmat qilishi, qarorlar uchun mas’uliyat esa inson zimmasida qolishi shart.
Ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt va kadrlar tayyorlash sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning huquqiy asoslari mustahkamlanib, inson huquqlariga daxldor qarorlarni faqat sun’iy intellekt xulosalari asosida qabul qilishga qonunan yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Senat Raisi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida raqamli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo hamkorlikning uchta ustuvor yo‘nalishini taklif etdi. Bular sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish bo‘yicha tajriba almashish, undan mas’uliyatli foydalanishning umumiy tavsiyaviy tamoyillarini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqish hamda parlamentlar faoliyatida raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Majlisda elektron hujjat aylanishi, qonun loyihalarini avtomatlashtirilgan tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha milliy tajribalar taqdim etildi.
Qirg‘iziston tomoni TurkPA namunaviy qonunlarining yagona elektron reyestrini yaratish va ularning qo‘llanilishini monitoring qilish mexanizmini joriy etishni taklif qildi.
Qozog‘iston TurkPAning namunaviy Raqamli kodeksini ishlab chiqish, qo‘shma raqamli infratuzilmani rivojlantirish va kiberxavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash tashabbusini ilgari surdi.
Ozarbayjon esa milliy qonunchiliklarni yaqinlashtirish, ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish va yosh parlamentariylar faoliyatini jonlantirish muhimligini ta’kidladi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Qurtulmush O‘zbekistonning turkiy dunyodagi strategik ahamiyati va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi faol rolini alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston va Turkmanistonning TurkPAga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligini qayd etib, bu Assambleya nufuzi va parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti A.Raimqulova Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Milliy qonunchilikni takomillashtirish, madaniy tashabbuslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonning turkiy xalqlar mushtarak merosini asrashga qo‘shayotgan hissasini ta’kidladi.
TURKSOY Bosh kotibi S.Rayev ham turkiy davlatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekistonning roli ortib borayotganini qayd etdi. Davlatimiz rahbarining qardosh xalqlar madaniy aloqalarini mustahkamlash, san’atni qo‘llab-quvvatlash va boy ma’naviy merosimizni xalqaro maydonda targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarini yuksak baholadi.
Tadbir yakunida turkiy davlatlar o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Bishkek deklaratsiyasi qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Bishkek shahri