«Turkon»liklar Navro‘zni boshlab yubordi
Xalq bilan muloqot qilish, aholining murojaatlariga yechim topish va «Obod qishloq» Davlat dasturi doirasidagi ishlarni nazorat qilish, muammolarga yechim topish maqsadida «Turkon» mahalla fuqarolar yig‘inida Buxoro viloyati prokurori, 2-sektor rahbari Mahmud Istamov faoliyat olib bormoqda.
– Hududda xonadonlar soni 900 tani tashkil etadi, – deydi Turkon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Asatillo Narzullayev. – Yig‘inda 4 ming 542 nafar aholi, 1 ming 178 ta oila istiqomat qiladi. Hududda 25 nafar kishi “Temir”, 38 nafar xotin-qiz “Ayollar”, 27 nafar yigit-qiz “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan. Mahallada 7 ta qishloq ya’ni Qulushtrum, Labidenov, Arabxona, Kichikboy, Qayrag‘och, Turkon, Mahalla qishloqlari mavjud.
Hududda tadbirkor “Diyor Fayz dilba kor” MCHJ rahbari Jasur Sattorov mahalladagi 6 nafar yoshni ish bilan ta’minlab, qurilishbop materiallar ishlab chiqaryapti.
– Ayni kunda shpaler, shlakablok, penablok, gipsoblok ishlab chiqaryapmiz, – deydi korxona rahbari J.Sattorov. – Mahsulotlarimiz xaridorgir. Ishlab chiqarishni rivojlantirish, korxonamizni zamonaviylashtirish maqsadida viloyat prokuroridan imtiyozli kredit olishda yordam berishini so‘rab murojaat qildim. Murojaatim o‘z o‘rnida o‘rganib chiqildi. Ayni paytda ishlar olib borilyapti. Agar imtiyozli kredit olsam, yana 20 nafar mahalla hududidagi yoshlarni ish bilan ta’minlayman.
Qodir Hikmatov ham shu mahalla hududida yashaydi. Ishchi guruhi tomonidan Qodirning bandligi ta’minlanmaganligi sababli uni “Diyor Fayz dilba kor” MCHJga ishga joylashtirdi. Hovlisidagi tomorqada mavjud yerdan maqsadli foydalanmaganligi sababli 1 sotixlik issiqxona qurib berildi.
[gallery-1409]
– Issiqxonaga bodring, ko‘kat, qulupnay ekishni rejalashtiryapman, – deydi Qodir Hikmatov. – Tajribam bor. Issiqxonada ishlab kelganman. Oilam, ro‘zg‘orimga o‘zimning hissamni qo‘shishimdan xursandman. Yoshlarni chet davlatlarga borib ishlashlarini eshitib xafa bo‘laman. Ularga qarata: “nima qilasiz boshqa davlatga borib ishlab, axir O‘zbekistonimizning o‘zida minglab ish o‘rinlari, imkoniyatlar bor-ku! Faqat qunt bilan mehnat qilsa hammasiga erishsa bo‘ladi”, deb aytgim keladi. Lekin har kim o‘z imkoniyatidan kelib chiqib qaror qabul qiladi, albatta.
O‘rganishlar davomida sektor rahbari tomonidan tadbirkorning faoliyati o‘rganildi. Muammolarga yechim izlanib, mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Fuqaro Ahmat Bekniyozov hududdagi fermer xo‘jaliklarining birida ishchi bo‘lib ishlaydi. Oilasida yagona o‘zi oila boquvchisi bo‘lgani sababli moddiy jihatdan qiynalib qolgan. Uyi ham paxsa devordan qurilgan bo‘lib, ta’mirga muhtoj.
2-sektor rahbari boshchiligidagi ishchi guruh mazkur oilaning turmush sharoitini o‘rganib chiqdi. Oila “Temir” daftarga kiritilganligi sababli, uyini ta’mirlash maqsadida hududdagi quruvchilardan birini homiylik asosida biriktirib qo‘ydi.
– Ishchi guruhiga rahmat, – deydi xonadon bekasi Gulnora Sohibova. – Homiylar ko‘magida eski hovlimiz o‘rniga yangidan uy qurilyapti. Endi mening ham zamonaviy uyim, oshxonam bo‘ladi. Bundan xursandman. Avvalo davlat rahbariga minnatdorchilik bildiraman. Biz ayollarni o‘ylab, ko‘plab islohotlarni amalga oshirayapti.
Hududda ishchi guruhlari tegishli daftarlarga kiritilgan har bir kishi bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganmoqda. Issiqxona qurish, kredit ajratish, hududda xizmat sohasini rivojlantirish, bandlik, ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Otam, ukam Rossiya davlatida ishlashga ketgan, – deydi Turkon qishlog‘ida yashovchi Nazira Rajabova. – Afsuski, pandemiya davrida ular ishlay olmaganligi sababli ahvolimiz og‘irlashib bordi. Moddiy jihatdan qiynalib qoldik. Ishchi guruhi oilamizni o‘rganib chiqdi. Moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashdi. Uyimizning tom qismi yangidan ta’mirlab berildi. Yangi darvoza o‘rnatildi. Tomorqamizga kartoshka, sabzi, piyoz, ko‘katlar ekildi. Daraxtlarimizga shakl berildi, devorlarimiz oqlanib hovlimizga shag‘al yotqizildi. Uyimizga fayz kirdi. Navro‘z oldi xonadonimiz obod bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA