Turkompaniya vakillari Zominga maftun bo‘ldi
Malayziya davlatining nufuzli “Matta”, “Papu”, “Bumitra” turistik assotsiatsiyasi rahbarlaridan iborat 28 nafar turkompaniya vakillari xizmat safari bilan Jizzax viloyati Zomin tumaniga keldi.
Toshkentdan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida kelgan mehmonlar Zomin tumani Dashtobod shaharchasi vokzalida tantanali kutib olindi.
[gallery-24193]
Nufuzli turkompaniya vakillari Zomin tumanining gastronomik turizm salohiyati bilan yaqindan tanishtirildi. Qozon patiri va tandir go‘shtini tayyorlash jarayonlari, o‘ziga xos mazali Zomin taomlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Zominning betakror tabiati, qalin archazor bilan qoplangan viqorli tog‘lari, shifobaxsh iqlimi va zilol suvlari, “Suffa – 2400” platosida joylashgan zamonaviy mehmonxonalar, osma dor yo‘li, “Baxt ko‘prigi”, “Tuz g‘ori” kabi turizm ob’ektlariga mehmonlar katta qiziqish bildirdi. Ular barcha ob’ektlarni foto va video lavhalarga muhrlashdi.
Mehmonlar Zominning betakror turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish orqali uning birinchi raqamli sayohat manziliga aylanishiga ishonch bildirishdi.
A.Qayumov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri