Turkmaniston va YeI energetika sohasida hamkorlik qiladi
Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov Xalqaro sheriklik masalasi bo‘yicha yevrokomissar Yutta Urpilaynen bilan energetika sohasida homkorlik qilish masalasini muhokama qildi. Qardosh mamlakat tashqi siyosat idorasidan ma’lum qilinishicha, muzokara Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan YeI va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida kechgan.
– Uchrashuvda asosiy mavzu energetika sohasiga, xususan vodorod energetikasi, metan gazi havoga tarqalishini kamaytirish hamda tabiiy gazni qayta ishlash masalalariga bag‘ishlandi, – deyiladi Turkmaniston TIV tarqatgan xabarda. – Tomonlar energetika loyihalariga tizimli yondashuv zarurligini ta’kidlab, ayni yo‘nalishda sheriklik rejasini birga ishlab chiqishga kelishib oldi.
Meredov komissarga 2023-2024 yillarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yo‘l xaritasi tayyorlanayotgani, Turkmanistonning Global metan majburiyatiga qo‘shilish masalasi o‘rganib chiqilayotgani haqida axborot bergan. Shuningdek u mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga kirishi jarayonida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berib, bu yo‘lda Yevropa Ittifoqi yordami yuqori baholanishini ta’kidlagan. Ayni payt ushbu masalani o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mazkur davlat JSTda 2020 yil kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi, 2022 yil esa qo‘shilayotgan mamlakat (faol kuzatuvchi) maqomini oldi.