Yurtimizda turli millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelmoqda. O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik, qoraqalpoq va boshqa xalqlar vakillari qatori ko‘p ming sonli turkmanlar ham insoniyat tamadduni beshigi hisoblangan diyorimizni Vatan tutishgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 20-21 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatni, ikki millat totuvligi va hamjihatligini yanada mustahkamlashi kutilayotgan mazkur muhim voqea arafasida O‘zA muxbiri Respublika turkman madaniyat markazi raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Guldana Avezdurdiyevaning fikrlarini yozib oldi:
- O‘zbek va turkman bir daryoning ikki qirg‘og‘ida ahil, inoq yashayotgan xalqlar hisoblanadi. Tarixan, bu ikki el doim do‘stona aloqada bo‘lgan, urf-odati, an’ana va udumi ham o‘xshash. O‘zbekistonda qadimdan yashab kelayotgan turkmanlar azaliy madaniyati, an’analarini saqlagan holda, O‘zbekistonning ko‘p millatli yagona oilasiga uyg‘unlashib ketgan. bugungi kunda O‘zbekistonda 202 mingdan ziyod turkman millatiga mansub aholi istiqomat qilib kelmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda yashayotgan har bir xalq va millatning etnik o‘ziga xosligi, tili, urf-odati, tarixi va an’analarini saqlashda milliy madaniy markazlar muhim o‘rin tutadi. Bunday muassasalar faoliyatini rivojlantirish orqali, turli millat vakillarining o‘zligi, an’ana va urf-odatini saqlab qolish, ularning tinch, osoyishta hayotini ta’minlash, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga erishilmoqda.
O‘zbekistondagi ilk turkman milliy madaniyat markazi 1993 yil yanvar oyida Buxoro viloyatida ochilgan edi. Keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday markazlar tashkil etildi.
Jamoamizning asosiy maqsadi, vazifasi turkman xalqi madaniyati, an’analari, urf-odati, tarixi va tilini muntazam rivojlantirish, milliy-madaniy yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish, o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi hamjihatlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdan iborat.
Yurtimizda 44 ta turkman tilida ta’lim beriladigan maktab mavjud. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus davlat universitetida “Turkman filologiyasi” fakulteti bor. Nukus shahridagi Ajiniyoz nomli pedagogika institutida boshlang‘ich sinflarga turkman tilida saboq beradigan o‘qituvchilar tayyorlaydigan fakultet ochilgan.
Qayd etish joiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi turkman milliy madaniy markazi tomonidan turkman tilida oylik “Mekan” nomli gazeta nashr etiladi. Shuningdek, turkman xalqi milliy etnografik qadriyatlarini avloddan avlodga yetkazish maqsadida “Orzu” musiqa-raqs ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz a’zolari ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston va Turkmanistonda tashkil etiladigan xalqaro konferensiya, seminar, forum va festivallarda faol ishtirok etib kelishadi. Xususan, Respublika turkman madaniyat markazi vakillari har yili Turkmaniston davlatida o‘tgaziladigan Dunyo turkmanlari gumanitar assotsiatsiyasi anjumanlarida, turkman qo‘l gilamdo‘zligi xalqaro konferensiyasi va festivallarida, mamlakatimizda keng nishonlanadigan bayramlarda ishtirok etadi. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida turkman kinosi kunlari ham o‘tkazildi.
Shu yil 1-3 noyabr kunlari Respublika turkman madaniyat markazlari tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari tashkil etiladi. Ushbu bayramga Turkmanistondan nufuzli delegatsiya kelishi kutilyapti. Biz O‘zbekistonda yashab, turkman millatiga, turkman xalqiga e’tibor va e’zozni har lahzada his etamiz. Boisi, poytaxt markazida turkman millatining buyuk shoiri, faylasuf Mahtumquli Firog‘iy xotirasiga yodgorlik o‘rnatilib, asosiy ko‘chalardan biriga Mahtumquli nomi berilgan. Toshkentdagi ko‘rkam bir sayilgoh “Ashxobod”, deb ataladi. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida ham “Toshkent” nomi bilan sayilgoh ochilishi kutilyapti. Xorazm shahrida tashkil etilgan “Ulli hovli” O‘zbekiston-Turkmaniston turizm majmuasi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtasi tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari mavjud aloqalarimizni yangi pog‘onalarga olib chiqmoqda. Zero, mazkur uchrashuvlarda ikki millat ravnaqiga xizmat qiladigan ko‘plab muhim hujjatlar imzolanmoqda. Bu davlatlarimiz munosabati, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashishiga zamin yaratyapti.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mamlakatimizda yashayotgan turkman millati vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Quvonarlisi, turkman yurtdoshlarimizning diyorimizda turkman madaniyati, urf-odati va an’analari o‘ziga xosligini saqlash va rivojlantirish, do‘stlik va qardoshlik rishtasini mustahkamlash yo‘lida qilgan samarali xizmatlari munosib e’tirof etilmoqda. Ular davlatimizning yuksak mukofotlari – orden va medallar bilan taqdirlanyapti.
Ana shunday hamyurtlarimiz safida ekanligim menga beqiyos g‘urur, iftixor bag‘ishlaydi. Zero, 2021 yil davlatimizning yuksak mukofoti - “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandim. Bu e’tirofni nafaqat menga, balki butun turkman millatiga bo‘lgan e’tibor, hurmat namunasi, kamtarona mehnatimizga berilgan yuksak baho, deb bilaman.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/aSH-82brHpM" title="Turkman millatiga, turkman xalqiga e’tibor va e’zoznihar lahzada his etamiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Go‘zal SATTOROVA, Nishonboy ABDUVOITOV (video), O‘zA