Turkiyaning yangi tashrif qog‘ozi
Turkiya “Diplomatiyani qayta formatlash” mavzusida Ikkinchi Diplomatik forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro anjuman mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on shaf’eligida 11-13 mart kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tadi.
“Hurriyet” gazetasining yozishicha, anjumanda 12 ta davlat rahbari, 15 nafar yetakchi, 3 nafar hukumat rahbari, 67 nafar vazir, 6 nafar vazir o‘rinbosari hamda 44 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari, jumladan NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirok etishi kutilmoqda.
Anjuman doirasida bo‘lib o‘tadigan munozaralarda xalqaro miqyosdagi arboblar bilan bir qatorda diplomatlar, biznes yetakchilar, tahlil markazlari a’zolari, olimlar, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etadi.
Forumda demokratik boshqaruv, energetika xavfsizligi, sun’iy intellekt, irqchilikka qarshi kurash, metavselennaya (virtual olamdagi muloqot), Osiyo-Tinchi okeani mintaqasi va Afrikani rivojlantirish, terrorizm, noqonuniy migratsiya va dezinformatsiyaga qarshi kurash, xotin-qizlarning imkoniyat va huquqlarini kengaytirish, iqlim o‘zgarishlari va Yevropa xavfsizligini qayta ko‘rib chiqish kabi bir qator masalalar muhokama qilinadi.
Ikkinchi Diplomatik forum ishida 2 ming 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashadi. Anjuman doirasida yetakchilar ishtirokida 4 ta majlis, 27 ta muhokama, 4 ta davra suhbati va 2 ta yoshlar tadbiri o‘tkaziladi.
Tahlilchilarning fikricha, “Turkiyaning turizm markazi” deya tan olinadigan Antaliyada o‘tkazilayotgan Diplomatik forum mamlakatning yangi tashrif qog‘oziga aylanib bormoqda. Shuningdek, shahar jahon diplomatiyasi markazlaridan biri sifatida tan olinmoqda.
2019 yilda asos solingan mazkur forum murakkab global masalalarga yangicha yondashuvlarni shakllantirmoqda hamda jahonda tinchlik qaror topishiga hissa qo‘shmoqda. Anjumanda ilgari surilgan g‘oya va harakatlar global chaqiriqqa aylanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Diplomatiyani qayta formatlash” mavzusida Birinchi Diplomatik forum 2021 yilning 18-20 iyun kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tgan edi.
Sharofiddin To‘laganov