Turkiyaning “Daily Sabah” nashri Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo integratsiyasidagi tarixiy rolini e’tirof etdi
Turkiyaning nufuzli “Daily Sabah” nashri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi. Maqolada O‘zbekiston rahbarining oqilona tashqi siyosati tufayli mintaqada mutlaqo yangi geosiyosiy muhit hamda o‘zaro ishonch va manfaatli hamkorlik rishtalari shakllangani alohida e’tirof etilgan.
“Markaziy Osiyoda hamkorlikning yangi davri” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada O‘zbekiston tashqi siyosatida qo‘shni davlatlar bilan ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikka ustuvor ahamiyat berilayotgani ta’kidlangan.
Nashrning qayd etishicha, O‘zbekiston 2016-yildan boshlab qo‘shni davlatlar bilan munosabatda yangi yondashuvni tanladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kengaydi. Mavjud muammolarni muzokara orqali hal etishga e’tibor kuchaydi. Xalqlar o‘rtasidagi aloqalar ham faollashdi. Bu o‘zgarishlar davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikning muhim maydoni sifatida ko‘rsatilgan. Bu format rahbarlarga umumiy muammolarni bevosita muhokama qilish va o‘zaro maqbul yechim topish imkonini beradi.
“Daily Sabah” mintaqaviy hamkorlikning amaliy natijalariga ham e’tibor qaratgan.
Chegaralardan o‘tishni yengillashtirish, yangi transport yo‘nalishlarini ochish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish shular jumlasidan. Energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish ham muhim yo‘nalish sifatida qayd etilgan.
Nashr Markaziy Osiyoda hali yechimini kutayotgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tgan. Suv tanqisligi, ekologik xavf-xatar, iqtisodiy rivojlanishdagi tafovut va xavfsizlik masalasi shular qatoriga kiradi. Ularni hal etish uchun muzokaralarni davom ettirish, har bir davlat manfaatlarini hisobga olish va mintaqaning kelajagini birgalikda o‘ylash zarurligi aytilgan.
Maqola yakunida Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga intilayotgani qayd etilgan. Nashr fikricha, bu yondashuv Markaziy Osiyoda muloqotni faollashtirish va umumiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyat yaratishga xizmat qilmoqda.
D.HAKIMOV,
O‘zA