Turkiyadagi maktab fojealari — "Odamlar men qilgan musibatni his qilishi kerak..." (+video)
2026-yil aprel oyida Turkiyada ketma-ket sodir bo‘lgan maktab otishmalari mamlakatni larzaga soldi. 14-aprel kuni Shanliurfada 18 yoshli sobiq o‘quvchi maktab hududida o‘t ochib, kamida 16 kishini yaraladi. Oradan bir kun o‘tib, 15-aprel kuni Qahramonmarashda 14 yoshli o‘quvchi maktabga qurol olib kirib, sakkiz nafar o‘quvchi va bir nafar o‘qituvchini otib o‘ldirdi, yana yigirmaga yaqin kishini jarohatladi.
Dastlabki tergov ma’lumotlari hujumning tasodif emasligini ko‘rsatmoqda. Prokuratura hujumchi Isa Aras Mersinlining kompyuteridan 11-aprel sanasi bilan yozilgan hujjatni aniqladi. Unda “yaqin kelajakda katta hujum amalga oshiriladi” degan mazmundagi yozuv bor edi.
Bu esa voqea oldindan o‘ylanganini anglatadi. Shuningdek, o‘smir jinoyatda otasiga tegishli bo‘lgan beshta to‘pponchadan foydalangan. Uning otasi huquq-tartibot tizimi xodimi bo‘lib, hozirda tergov doirasida qamoqqa olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, u o‘g‘lini oldinroq otish maydoniga olib borib, qurol ishlatishni o‘rgatgan. Hujumchining ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi ham alohida e’tibor markazida. Politsiya uning WhatsApp profilida 2014-yilda AQSHda ommaviy qotillik sodir etgan Elliot Rojerga oid tasvir bo‘lganini ma’lum qildi. Bu holat motivlari o‘xshashmi yoki yo‘qmi degan savolni ochiq qoldiradi, biroq ayrim zo‘ravonlik aktlari o‘rtasida g‘oyaviy yoki psixologik bog‘liqlik bo‘lishi mumkin.
Voqealar ortidan ayrim hududlarda maktablar vaqtincha yopildi, o‘quvchilar boshqa ta’lim muassasalariga yo‘naltirildi. Ota-onalar orasida xavotir kuchayib, ba’zi joylarda bolalarni vaqtincha maktabga yubormaslik holatlari ham kuzatildi. Biroq bu holat umumiy tizimli jarayon emas, balki asosan voqealar sodir bo‘lgan hududlarga xos vaqtinchalik vaziyat sifatida baholanmoqda.
Mazkur hodisalarni faqat faktlar doirasida ko‘rish yetarli emas. Ularning ortida ko‘rinmaydigan, ammo hal qiluvchi omillar mavjud. Hujumchilardan biri qoldirgan kundalik yozuvlari shuni ko‘rsatadiki, u o‘zini jamiyatdan ajralgan, tan olinmagan shaxs sifatida his qilgan. “Odamlar men qilgan musibatni his qilishlari kerak — shundagina meni payqashadi”, degan jumla bu jarayonning eng keskin ifodasidir.
Mutaxassislar bunday holatlarda muhim bir jihatga e’tibor qaratadi: o‘smirlar ko‘pincha e’tibor yetishmasligi, rad etilish hissi va ichki bosimni boshqara olmaslik bilan kurashadi. Agar bu holat vaqtida sezilmasa, u noto‘g‘ri yo‘lga burilishi mumkin. Shu sababli bu kabi hodisalar xavfsizlikdan tashqari ruhiy va ijtimoiy omillarni ham birgalikda tahlil qilish zarurligini yana bir bor eslatgandek.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/fCdWKhPjTAs?si=B8IH48uBJsvvVYjM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Munira Niyazimbetova, Nishonboy Abduvoitov, Iskandar Ismatov, O‘zA