Vatanimizning dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarish, uning asl qadriyatlariyu, tuganmas madaniy merosini butun dunyoga yoyish va kelajak avlodga meros qilib qoldirish chinakam fuqarolik burchimizdir.
Kuni kecha Alanya shahrida Turkiyaning “Baygench” nashriyoti va O‘zbekistondagi “Shine” qizlar akademiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda turli sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan iqtidorli va faol ayol-qizlarning ijodiy ishlari jamlangan “Sözler Dansı: Özbek Kızlarının Yaratıcı Çalışmaları” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda bir guruh ijodkor o‘zbek ayol-qizlari, turk shoir-yozuvchilari va talabalar ishtirok etishdi.
– Har bir qiz ichida iste’dod bor, -deydi loyiha rahbari Shohida Yusupova. – “So‘z raqsi: o‘zbek qizlari ijodi” kitobi vatanimizning yosh “nihollari”ni dunyo ahliga o‘z bilim va ko‘nikmalari, yutuqlari bilan tarannum bo‘lishiga katta hissa qo‘shadi. Ayni paytda biz AQSH, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Misr kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan madaniy almashinuv loyihalarini amalga oshirib kelmoqdamiz. Boshqacha aytganda, xalqaro antologiyalar nashr etish orqali O‘zbekiston va o‘zbek xotin-qizlari ijobiy imijini dunyo bo‘ylab tarannum etyapmiz. Maqsadim – ilmli, iqtidorli dugonalarimni xalqaro miqyosda tanitish.


Yig‘inda so‘z olgan “Baygench” nashriyoti rahbari Arslan Bayir bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi millatlar o‘rtasidagi adabiy, madaniy va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashda alohida o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.
– Azal-azaldan millatlarimizning ildizlari teran, dini bir va madaniyati mushtarak, - dedi u. – Eng muhimi, aloqalarimiz rivoji yo‘lida adabiyotning ham o‘rni beqiyos. Biz uchun turkiy davlatlar adabiyoti va madaniyati juda qiziq. Bu jarayonlarda o‘zbek ayol-qizlarining faolligi esa quvonarli hol.


Shuningdek, taqdimotda mazkur kitobda ijodiy ishlari chop etilgan iste’dodli ayol-qizlarimiz so‘zga chiqib, diyorimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berishdi.
Darhaqiqat, bunday loyihalar diyorimizning madaniy va ijodiy salohiyatini sayyoramiz bo‘ylab namoyish etish, ayollarimiz intellektual imkoniyatini yuksaltirish, qolaversa, davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘.Alimov, O‘zA