Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbul hokimi Akrom Imomo‘g‘li hibsga olinishiga ilk bor izoh berib, muxolifatni politsiya va adolatga siyosiy bosim o‘tkazishga urinishda aybladi.
– Turkiya har tong yangi kun tartibi bilan uyg‘onadigan dunyodagi eng jadal davlat, – dedi yetakchi parlament a’zolari bilan birga iftorlik oqshomida yig‘ilganda. – Bu dasturlarning ba’zilari mamlakat uchun zarur masalalarni qamrab olgan, ayrimlari esa sun’iy ravishda ko‘tarilgan muammolardan iborat. «Xatoni xato bilan tuzatib bo‘lmaydi», degan inkor etib bo‘lmas gap bor. Mamlakatimizdagi muxolifat hammani ko‘r deb hisoblagani uchun o‘z xatosini xato bilan himoya qilmoqchi. Ular shu darajada muvozanatni yo‘qotdi-ki, politsiyaga hujum qilmoqda, sudya, prokurorlarga tahdid qilmoqda. Muxolif partiya o‘z matbuoti va boshqa tuzilmalari bilan sud hokimiyatining korrupsiya va o‘g‘irlik masalalari bo‘yicha qo‘ygan ayblovlariga hech qachon javob qaytarmaydi.
Uning ta’kidlashicha, hukumat muxolifat bilan janjallashishga vaqt topolmaydi, chunki davlat masalalarini hal qilish bilan band. Shahar meri Turkiya davlati tomonidan terroristik tashkilot sifatida tan olingan Kurdiston ishchi partiyasini qo‘llashda va korrupsiyada ayblanmoqda.
Istanbul hokimi hibsga olinishi bilan bog‘liq voqealar Amerika, Yevropa Ittifoqi, Yevropa kengashi e’tiborini ham tortdi. Ular vaziyatdan xavotir bildirib, demokratik qadriyatlarni buzmaslikka chaqirgan.
Imomo‘g‘li hibsga olinishi sababli mamlakatning Istanbul, Anqara, Gaziantep va boshqa shaharlarida norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tmoqda. Odamlar amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning partiyasiga qarshi norozilik bildirmoqda.
Muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq Partiyasi a’zosi hisoblanuvchi Imamo‘g‘lu 2027 yilda bo‘lishi kutilayotgan prezidentlik saylovida Erdo‘g‘anning asosiy raqibi hisoblanadi.
Imomo‘g‘li tarafdorlarini qarshilik ko‘rsatishga chaqirdi. «Odamlarning irodasini qo‘rqitish va noqonuniy xatti-harakatlar bilan bostirish mumkin emas», — degan siyosatchi.
Respublika xalq partiyasi rahbari O‘zg‘ur O‘zel Imomo‘g‘li hibsga olinganiga qaramay prezidentlikka nomzod bo‘lishini e’lon qildi. Siyosatchining o‘zi huquq va erkinlik uchun kurashni davom ettirishini aytgan. Bir necha kun oldin Istanbul universiteti siyosatchining diplomini bekor qilgan edi. Bu uning saylovlarda ishtirok etishini cheklaydi.
Shuningdek, O‘zg‘ur O‘zel iftorlikdan keyin odamlarni norozilik aksiyalarida qatnashishga chaqirdi.
Istanbulning markaziy ko‘chalari, xususan politsiya qarorgohi oldida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Ijtimoiy tarmoq faoliyatida uzilish kuzatilmoqda. Turk lirasi dollarga nisbatan 10 foizdan ko‘proq arzonlashib ketdi.
Ukraina masalasi
Tramp hafta oxirida Ukrainadagi otashkesim haqida bayonot berdi. «Men Zelenskiy va Putin bilan gaplashdim. Bizda tinchlikka erishish imkoni mavjud. Putin bilan o‘t ochishni to‘xtatishning aniq muddatini muhokama qilmadim, lekin tomonlar tez orada kelishuvga erishadi. Keyin hududiy masalalarga navbat», — degan Tramp.
Zelenskiy esa Ukraina delegatsiyasi dushanba kuni AQSH rasmiylari bilan Saudiya Arabistonida uchrashishini ma’lum qildi. Kiyev tomoniga mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchilik qiladi. Uchrashuvda Ukraina tomoni Qo‘shma Shtatlarga hujumlardan himoyalanish uchun infratuzilma ob’ektlar ro‘yxatini taqdim etadi.
18 mart kuni, AQSH va Rossiya prezidentlari 2 soatdan ko‘proq vaqt davomida telefon orqali muloqot qildi.
Putin Trampning 30 kun muddatga energetika sohalariga zarba berishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlagan hamda darhol rus harbiylariga tegishli buyruqni bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 21 martga o‘tar kechasi Kursk viloyatidagi «Sudja» gaz o‘lchash stansiyasiga Rossiyaning o‘zi zarba bergan. Avvalroq bu ayblovlar Ukrainaga yotqizilgan edi.
19 mart kuni esa Tramp Ukraina lideri bilan 1 soatdan ortiq vaqt mobaynida telefon orqali gaplashgan. Suhbat asosan Zaporoje AES haqida bo‘lgan. «AES umuman ishlamayapti, chunki Rossiya mutlaqo noqonuniy ushlab turibdi», — degan Zelenskiy. Agar Vashington uni modernizatsiya qilishni xohlasa, birga ishlash uchun tayyorligini bildirgan.
Bir necha hafta oldin AQSH Ukrainadagi foydali qazilmalar bo‘yicha shartnomani bekor qilgan edi. Financial Times`ning yozishicha, Vashington bitimni qayta ko‘rib chiqmoqchi. Ya’ni qimmatli minerallar qatoriga atom elektr stansiyalarini ham qo‘shmoqchi. Ukraina bitimni bosqichma-bosqich muhokama qilishga intilib, minerallar va atom elektr stansiyalari masalalarini aralashtirmaslikka harakat qilmoqda.
27 mart kuni Parijda «Ukrainaga yordam berishni xohlovchilar koalitsiyasi» sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Bu haqda Fransiya yetakchisi Makron Bryusseldagi sammitda aytgan.
Bloombergʼning xabariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari, jumladan Fransiya Germaniya va Polsha, shuningdek, YeIga a’zo bo‘lmagan Kanada va Buyuk Britaniya kelasi hafta Parijda Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish uchun yangi yig‘ilish o‘tkazadi.
Yig‘ilishdan maqsad Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarga ta’sir o‘tkazish, unda ishtirok etish muhokama qilinishi mumkin.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa harbiy imkoniyatlarini oshirayotgan bir paytda mintaqada portlovchi va yonuvchi moddalar zaxirasi tugab bormoqda.
Isroil G‘azoga yana kuchli zarbalar bera boshladi
Ushbu hafta boshidan buyon G‘azo sektori yangidan keskin zarbalar ostida qoldi. Hujumlar oqibatida 500 nafarga yaqin falastinlik halok bo‘lgan.
Isroil armiyasi ichki ko‘chmanchilar qo‘nalg‘asi, oddiy aholi boshpana topgan maktablar, shuningdek turar-joy binolarini faol o‘qqa tutmoqda.
G‘azo Fuqaro mudofaasi boshqarmasi qutqaruv xizmati hujum ostidagi hududlarga yetib bora olmayotganini qayd etgan.
Isroil armiyasi avvalroq mamlakat siyosiy rahbariyati buyrug‘i bilan keng ko‘lamli hujum qayta tiklanganini bildirdi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu idorasi aniqlik kiritishicha, amaliyot hukumat rahbarining buyrug‘i, mudofaa vaziri Israel Katsning ko‘rsatmasi bilan boshlangan.
Shuningdek, HAMASga qarshi harbiy amaliyot «orttirilgan kuch bilan» davom etishi ta’kidlangan.
Agar Isroil armiyasining matbuot xizmatiga ishonilsa, Isroil kuchlari G‘azo sektori janubida HAMAS harakatining harbiy razvedka boshlig‘i Usama Tabashni o‘ldirgan. Tabashning yo‘q qilinishi guruhning razvedka ma’lumotlarni yig‘ishda zaif qilib qo‘yadi.
Jang jonlanishi HAMASning urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokara boshlanishidan oldin qo‘shimcha garovga olinganlarni ozod qilishdan bosh tortgani bilan izohlanyapti. Isroil dalil keltirmasdan harakatni yangi hujumlar uyushtirishda aybladi. Guruh ayblovni rad etdi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/cX-GFuxzWT4" title="Turkiyada namoyishlar, Ukraina AESini ko`zlayotgan Tramp, G`azodagi xunrezlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lib, Netanyahu siyosiy inqirozga uchrashi, deyarli 15 yillik uzluksiz boshqaruv vakolatini boy berishi mumkin.
O‘ta o‘ng pozitsiyachi moliya vaziri Betsalel Smotrich «Agar Netanyahu hujumni davom ettirish o‘rniga, 2-bosqichga o‘tsa, koalitsiyani tark etaman, deya tahdid qildi. Muxolif partiyalar garovga olinganlarni qaytarish bo‘yicha har qanday kelishuvda Bosh vazirni qo‘llab-quvvatlashga va’da berishdi, ammo baribir koalitsiya jiddiy zaiflashadi. Bu esa barvaqt saylov o‘tkazilishi ehtimolini oshiradi.
Harbiy harakatni tiklash orqali Netanyahu Smotrichning qo‘llab-quvvatloviga erishdi. Zarbalardan so‘ng u yana bir o‘ta o‘ng qanot sherigi Itamar Ben-Gvirni ham o‘ziga og‘dirdi. Bu guruh yanvarda sulhdan qochgan, lekin seshanba kuni koalitsiyaga qaytdi.
Sardorbek Poyonov, Yoqub Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA