Turkiya va yana 7 davlat Isroilning G‘azo rejasini rad etishini qoraladi
Turkiya, Misr, Indoneziya, Iordaniya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Isroilning AQSH Prezidenti Donald Tramp boshchiligidagi Tinchlik kengashi tomonidan G‘azo uchun ishlab chiqilgan 15 banddan iborat rejani amalga oshirishdan bosh tortishini qoraladi.
8 davlat tashqi ishlar vazirlari imzolagan qo‘shma bayonotda Isroilning mazkur pozitsiyasi tinchlik jarayoniga jiddiy to‘sqinlik qilayotgani ta’kidlanib, G‘azo rejasini zudlik bilan amalga oshirish va mintaqada ikki davlatli yechim asosida barqaror tinchlik o‘rnatishga chaqirilgan. Isroilning BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan ma’qullangan rejani amalga oshirishga qaratilgan yo‘l xaritasi hamda Falastin davlatini rad etishi qoralangan.
Hujjat mualliflari fikricha, bunday yondashuv reja ijrosiga tahdid solib, hududda tinchlik o‘rnatish va urushni yakunlash sa’y-harakatini xavf ostida qoldiradi.
Yo‘l xaritasi G‘azo tiklanishning asosiy bosqichini nazarda tutadi
Falastin guruhlari tomonidan qabul qilingan yo‘l xaritasi Misr, Qatar, Turkiya, AQSH, G‘azo bo‘yicha Oliy vakil hamda Tinchlik kengashining diplomatik va vositachilik sa’y-harakati natijasida ishlab chiqilgan. Hujjatda Isroil kuchlari G‘azodan chiqarilishi, hududga Xalqaro Barqarorlik kuchlari joylashtirilishi, ma’muriy vakolat G‘azo Milliy boshqaruv qo‘mitasiga topshirilishi, qurolsizlanish va hududni qayta qurish choralari aks etgan.
Sektorni qayta tiklash uchun muhim mazkur reja “hayotiy muhim burilish nuqtasi” sifatida baholangan. Isroil tashabbusni rad etgani va reja ijrosini kechiktirayotgani hududdagi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi, urushni tugatish jarayonini izdan chiqarishi mumkinligi qayd etilgan. Shu munosabat bilan AQSH jarayonda faol ishtirok etishi muhimligiga urg‘u berilgan. Vashingtondan rejada belgilangan majburiyat bajarilishini ta’minlash va to‘sqinlikning oldini olishga qat’iy intilish so‘ralgan.
G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatni bartaraf etish, xavfsizlikni ta’minlash va qayta qurishni boshlash uchun rejani to‘liq va zudlik bilan amalga oshirish zarurligi aytilgan.
Falastin davlatini barpo etish talabi
Bayonotda Falastin xalqining xalqaro huquq asosida o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil davlat barpo etish huquqi qo‘llab-quvvatlangan. Falastin davlati barpo etilishiga to‘sqinlik qiladigan har qanday harakat, jumladan bir tomonlama qadam rad etilgan. Adolatli va keng qamrovli tinchlikka faqat ikki davlatli yechim orqali erishish mumkinligi ko‘rsatilgan. Ya’ni, 1967-yil chegarasi asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va suveren Falastin davlatini barpo etish nazarda tutilmoqda.
Tinchlik kengashi shoshilinch chora ko‘rishga chaqirilmoqda
8 davlat Tinchlik kengashining G‘azo jarayonidagi o‘rnini muhim, deb baholab, barcha tomonlarni reja amalga oshishi va ikkinchi bosqichga o‘tilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Kengashga esa AQSHning faol ko‘magi bilan yaxlitligini saqlagan holda rejani amalga oshirishga nisbatan mavjud to‘sqinlikni bartaraf etish uchun vakolati doirasida “shoshilinch va aniq choralar” ko‘rish tavsiya etildi.
Trampning 15 banddan iborat rejasi nimani nazarda tutadi?
Donald Tramp 30-iyul kuni HAMAS va G‘azodagi boshqa qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish nazarda tutilgan kelishuvni “barqaror tinchlik va xavfsizlik sari qo‘yilgan dadil qadam” deya baholadi. Fevral oyida tashkil etilgan AQSH boshchiligidagi Tinchlik kengashi tomonidan ishlab chiqilgan rejaning birinchi bosqichida HAMASning og‘ir qurollari, harbiy ishlab chiqarish ob’ektlari, qurol omborlari va yer osti yo‘llari tarmog‘ini yo‘q qilish ko‘zda tutilgan. Keyingi bosqichda G‘azoning kundalik boshqaruvini Tinchlik kengashi nazorati ostida ishlaydigan falastinlik texnokratlardan iborat qo‘mitaga topshirish rejalashtirilgan.
40 davlat ishtirokidagi Tinchlik kengashi tarkibida Isroil va ayrim arab davlatlari bor, Falastin vakillari yo‘q. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu HAMASning nafaqat og‘ir, balki yengil qurollari ham yo‘q qilinishi zarurligini bildirdi. Shuningdek, “Men bosh vazir bo‘lib turgan ekanman, Falastin davlati barpo etilmaydi”, degan.
G‘azo va G‘arbiy Sohilda vaziyat og‘irligicha qolmoqda
Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganiga qaramay, G‘azoga hujum davom etgan. Sektor Sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘t ochish to‘xtatilishi e’lon qilingan oktabr oyi o‘rtalaridan buyon kamida 1 258 kishi halok bo‘lgan, 4 139 odam yaralangan. Vayrona ostidan 800 ga yaqin insonning jasadi olib chiqilgan.
G‘arbiy Sohilda ham Isroil armiyasi va isroillik ko‘chmanchilar harakati davom etyapti. Falastin axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil kuchlari Nablus va Baytullahm atrofidagi aholi manzillariga reyd o‘tkazgan. Ko‘chmanchilar esa Ramalloh, Al-Bira va Baytullahm atrofida falastinliklarga tegishli mulk va qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetkazgan. Shuningdek, Isroil vazirlari va deputatlari Janin janubi-g‘arbidagi Arraba yaqinida Emek Dotan nomli yangi Isroil aholi manzili tashkil qilinishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan.
G‘azo sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil oktabridan buyon hududda kamida 73 386 inson halok bo‘lgan, 174 250 kishi yaralangan. Xullas, G‘arbiy Sohildagi vaziyat va Isroilning Falastin davlatini rad etishga qaratilgan pozitsiyasi Tramp rejasi keyingi bosqichi ijrosini so‘roq ostiga qo‘ygan.
Nodira Qayumova, O‘zA