Turkiya turizm mavsumiga tayyor
Turkiya yozgi turizm mavsumiga yuqori darajada hozirlik ko‘rmoqda. Ushbu mamlakat xavfsiz turizmni sertifikatlash dasturi birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘ygan. Hozirgacha jami 9 ming 800 dan ortiq turizm ob’ekti va transport vositalariga xavfsiz turizm sertifikati berilgan.
Turkiya sayyohlik bozori haqida ma’lumot beruvchi goturkiye.com sayti xabar berishicha, iyun oyidan boshlab mamlakatda 30 va undan ortiq o‘rinli mehmonxonalarda mazkur sertifikat bo‘lishi majburiy qilib belgilandi. Shuningdek, milliy emlash dasturi doirasida turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar birinchilardan bo‘lib emlandi.
“Sayyohlar xavfsizligi birinchi masala”
Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyga asoslanib xabar qilishicha, Antaliyada xorijiy elchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatda 2021 yil yozgi mavsumga tayyorgarlik haqida ma’lumotlar berilgan.
“Turkiya 2020 yil iyun oyida dunyoda xavfsiz turizm sertifikatini joriy qilgan ilk davlatlardan biri bo‘ldi. 2020 yilda yurtimizga 16 million sayyoh tashrif buyurdi. Ularning xavfsizligi va salomatligi biz uchun ortda qolgan yildagi eng muhim masala edi. Amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida sertifikat dasturimiz jahondagi eng muvaffaqiyatli islohotlardan biri deb e’tirof etildi.
Avvalo, 30 va undan ko‘p o‘rinli mehmonxonalar uchun sertifikat dasturini majburiy etib belgiladik. Shuningdek, sertifikat olgan tadbirkorlar uchun nazoratni kuchaytirdik. Milliy emlash dasturi doirasida bugungi kunga qadar Turkiyaga fuqarolari 27 million dozadan ortiq vaksina qo‘llanildi. Emlash dasturi doirasida turizm sohasi xodimlari birinchilardan bo‘lib emlanmoqda va bu ish yanada jadallashadi”, degan Mehmet Nuri Ersoy.
2021 yil Turkiyada xavfsiz turizm yili bo‘ladi
Turkiya o‘tgan yil xavfsiz turizm yo‘nalishida yetakchi davlatlardan bo‘lgan. 2021 yilda emlash dasturi tufayli sayyohlar uchun yanada xavfsiz sayohat qilish imkoni yaratiladi. Mamlakat 10 mingdan ortiq xalqaro sertifikatga ega turizm muassasalari bilan 2021 yilgi yoz mavsumga tayyorligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Turkiya elchixonasi.
Yulduz O‘rmonova tayyorladi