Turkiya Milliy kutubxonasi rahbari O‘zbekiston Milliy kutubxonasida
Turkiya Milliy kutubxonasi rahbari Taner Beyo‘g‘lu hamda matbuot kotibi Mehmet Ayxan O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva kutib olib, kutubxona faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdi.

Tashrif davomida mehmonlar kutubxonaning nodir va noyob qo‘lyozmalar fondi, zamonaviy o‘quv zallari, jumladan, “Turkiyaga nigoh” o‘quv zali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, kitoblarni raqamlashtirish jarayonlari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Multimedia studiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida milliy kutubxonalar faoliyatida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash, elektron resurslarni rivojlantirish va kitob fondlarini asrab-avaylash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida ikki mamlakat milliy kutubxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va sohadagi ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.
N.Usmonova,
O‘zA