Turkiya milliy energetika strategiyasini yangilamoqda
Turkiya 2040-yilgacha bo‘lgan energetika siyosatida qayta tiklanuvchi energiya va energiya samaradorligini asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilamoqda. Mamlakatning yangilangan energetika strategiyasi COP31 konferensiyasi oldidan jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar o‘lkaning milliy energetika rejasi qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat yanada keng qamrovli shaklda ishlab chiqilib, “Turkiyaning 2040-yilgacha mo‘ljallangan yangi energetika arxitekturasi” sifatida taqdim etiladi.
Ta’kidlanishicha, mamlakat sanoat, transport va boshqa sohalarda elektr energiyasidan foydalanish ko‘lamini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Ayniqsa, transport sohasida katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Hukumat 2035-yilga borib o‘lka yo‘llarida 8–10 millionta elektromobil harakatlanishini maqsad qilgan.
Elektr energiyaga bo‘lgan talabning ortishi yangi energetika infratuzilmasini rivojlantirishni talab qilmoqda. Ma’lumki, Turkiya quyosh va shamol energetikasi kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta salohiyatga ega. Shu sababli davlat kelgusi davr uchun ushbu sohada yuqori maqsadlarni belgilab olgan.
Anqaraning uzoq muddatli energetika rejalarida atom energetikasi ham alohida o‘rin tutadi. Vazir Bayraktar “Akkuyu” atom elektr stansiyasining birinchi reaktori ayni paytda jadal sinov jarayonidan o‘tayotganini qayd etdi.
Reaktorni ishga tushirishdan oldin yuzlab texnik sinovlarni o‘tkazish va ularni muvaffaqiyatli yakunlash talab etiladi. Turkiya va Rossiya mutaxassislari birinchi reaktorni yaqin oylarda ishga tushirish uchun hamkorlik ishlarini olib bormoqda.
Nodira Kayimova,
O‘zA