Turkiya delegatsiyasi Buxoroda
Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi.
Martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Dastlab mehmonlar Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan majmuada amalga oshirilgan obodonchilik ishlari bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan turizm sohasi yangi bosqichga olib chiqilganligi va Buxoroning turizm salohiyati, qadimiy tarixi, madaniy-meros ob’ektlari, ziyoratgohlari va go‘zal tabiatini sayohat qilish bo‘yicha jahon miqyosida qiziqishning oshgani haqida ma’lumot berildi. Turizm yo‘nalishini yanada rivojlantirish va yurtimizga sayyohlar oqimini keng jalb qilish maqsadida tur kompaniyalarga yaratilgan yengilliklar hamda chet ellik sayyohlar uchun viza rejimining soddalashtirilganini ta’kidlandi.
[gallery-19013]
Mehmonlar Buxoro shahridagi Abduxoliq G‘ijduvoniy ko‘chasida turk kompaniyalari loyihasi va investitsiyasi asosida barpo etilayotgan mehmonxonalarning qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Yangi investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Mehmonlar Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) tomonidan Buxoro shahrida tashkil etilgan “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assosiatsiyasi binosi, Kasb-hunar, innovatsion o‘quv markazining rasmiy ochilish marosimida qatnashdi. Markazda tashkil etilgan o‘quv kurslari bilan qiziqishdi.
Delegatsiya a’zolari ko‘hna va boqiy Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. “Ark qal’asi”, “Somoniylar” maqbarasi, “Poyi kalon” majmuasi, “Mirzo Ulug‘bek” va “Abdulazizxon” madrasasi, “Labi hovuz” ansambli mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari