Turkiy dunyoning mushtarak merosi: bebaho qadriyatlarni dunyoga tanitish yo‘lida
O‘zbekiston Milliy axborot agentligida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi hamda O‘zA rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi – turkiy xalqlarning umumiy madaniy va tarixiy merosini asrash, o‘rganish, tiklash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Bosh qarorgohi Boku shahrida joylashgan Jamg‘arma madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, restavratsiya va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarni moliyalashtiradi. Shuningdek, madaniy merosni o‘rganish bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlaydi, ushbu sohada mutaxassislar tayyorlashga ko‘maklashadi hamda seminarlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar tashkil etadi.
2025-yil Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi doirasida Jamg‘arma tomonidan turkiy dunyo madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘p tilli katalog – “Turkiy dunyoning madaniy kodi”, shuningdek ko‘p jildli “Turkiy folklor merosi” antologiyasi taqdim etilgan.
Tomonlar o‘rtasida kechgan muloqotda turkiy xalqlarning boy madaniy-tarixiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, xalqaro axborot makonida yanada keng targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhimligi ta’kidlandi.
Xususan, Jamg‘armaning turkiy xalqlar umumiy tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti va ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylash hamda dunyo jamoatchiligiga tanitish borasida amalga oshirayotgan loyihalarini O‘zA axborot resurslarida keng yoritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, turkiy dunyo mamlakatlari o‘rtasida madaniy va axboriy almashinuvni kuchaytirish, tarixiy-madaniy merosga oid ishonchli va sifatli axborotni xalqaro auditoriyaga yetkazish borasida qo‘shma media loyihalar amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aqto‘ti Raimqulova O‘zA bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.
– Turkiy xalqlarning tili, dini va madaniyati bir, – dedi Aqto‘ti Raimqulova. – O‘zbekiston turkiy dunyo uchun ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega mamlakat. Bu zaminda turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi va noyob madaniy an’analari mujassam. Shu bois bu bebaho merosni asrab-avaylash, chuqur o‘rganish va uni dunyo jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish barchamizning umumiy vazifamizdir. Jamg‘arma va O‘zA o‘rtasida axborot almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish, madaniy tadbirlarni birgalikda yoritish hamda turkiy xalqlarning umumiy madaniy merosini xalqaro axborot makonida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolash niyatidamiz. Ishonchimiz komilki, bunday hamkorlik turkiy xalqlarning mushtarak qadriyatlarini yanada keng targ‘ib qilish ishiga munosib hissa qo‘shadi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi bilan axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qoramanas qishlog‘ida joylashgan 34-sonli maktabga atoqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmatulla Rayimqulov nomi berilgani alohida e’tirof etildi.
2-sentabr kuni ushbu maktabda yangi o‘quv yili boshlanishi hamda adib xotirasini uning ona yurtida abadiylashtirishga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, yosh avlodda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, o‘quvchilarni adib ijodi bilan yaqindan tanishtirish va yozuvchi adabiy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy kecha o‘tkaziladi.
Mazkur ta’lim maskaniga turkiy adib Rahmatulla Rayimqulov nomi berilishi o‘ziga xos ramziy ahamiyat kasb etadi. Zero, umumiy madaniy merosga nisbatan bunday yuksak ehtirom Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlari tarixiy yaqinligi, ikki mamlakat madaniy-gumanitar hamkorligi izchil rivojlanib borayotganining yorqin ifodasidir.
O‘tkir Alimov,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA