So‘nggi o‘ttiz yil mobaynida turkiy davlatlar o‘rtasida lotin yozuviga asoslangan umumiy alifbo yaratish g‘oyasi ko‘p bor muhokama qilingan. O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa turkiy mamlakatlar xalqlarini birlashtirish maqsadini ko‘zlagan ayni jarayonda yangi chaqiriq, imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Yangi alifbo nafaqat yozuvni, balki milliy o‘zlik, madaniy meros va kelajakka qadam qo‘yish istagini ham ifodalaydi. Alifboning xalqaro darajada o‘zgarishi, go‘yoki, daryo yoqasidagi ikki qit’ani yo ajratib turadi, yoki birlashtiradi. Shu ma’noda mazkur tashabbus turkiy birlik daryosi ikki sohilini birlashtiruvchi ko‘prik bo‘lishi mumkin.
Asrlar osha qayta tiklanayotgan birlik
Bugun turkiy mamlakatlar har xil alifbodan foydalanmoqda: O‘zbekiston, Turkiya va Qozog‘istonda lotin yozuvi amalda, ayrim davlatlarda hamon kirillcha hukmron. Yagona alifbo orqali esa qardosh xalqlar o‘rtasida madaniyat va til birligi ta’minlanishiga umid bor.
Turkiy xalqlar o‘tgan asr 20-yillarida ham lotin alifbosiga o‘tish harakatini boshlagan edi. O‘shanda sobiq Sovet Ittifoqida turkiy tilli respublikalar lotin alifbosini qabul qilgan va bu harakat “Yanalif” (yangi alifbo) nomi bilan tanilgan. Masalan, 1926 yil Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Birinchi Butunittifoq turkologiya қурултойиda turkiy xalqlar yangi alifbo bo‘yicha hamkorlik masalasini muhokama qilgan. Ayniqsa, tatar, o‘zbek va ozarbayjon xalqlari lotin yozuviga asoslangan alifboni keng qo‘llagan. Bu jarayon 1940-yillarda to‘xtatilib, turkiy respublikalar kirill yozuviga qaytishiga to‘g‘ri kelgan.
Shundan so‘ng turkiy xalqlarning yozuv tomonlama yaqinligida biroz uzilish yuz bergan bo‘lsa-da, ular hamisha o‘zaro til bilan bog‘liq rishtani saqlab qolgan. Mana endi tarixiy jarayon tiklanib, yangi qadam qo‘yilib, lotin alifbosi orqali birlashish istagi qayta ko‘tarilmoqda. Yagona alifbo xalqlar o‘rtasida, go‘yoki, yozuvdagi “bir millat, bir madaniyat” ramziga aylanmoqda.
Yagona alifbo – tillarning qayta jonlanishi,
madaniy birlik mustahkamlanishi
Lotin yozuviga asoslangan yagona turkiy alifbo turkiy davlatlar madaniy integratsiyasini kuchaytiradi, o‘zaro munosabatlarni osonlashtiradi. Qardosh ellar bir-birining adabiyoti, ommaviy axborot vositalari, ilmiy asarlarini qiyinchiliksiz o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
Iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi
Yagona yozuv orqali turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tezlashadi. Tovar va xizmatlar taqdim etilishi, savdo shartnomalari qulay va tezkor tuzilishida ham ayni omil muhim ahamiyat kasb etadi.
Global maydonda turkiy tillar ta’siri oshishi
Lotin yozuviga asoslangan alifbo turkiy tillarni xalqaro miqyosda tanitishda muhim qadam hisoblanadi. Ma’lumki, lotin alifbosi butun dunyo bo‘ylab tarqalgan, ko‘plab mamlakatlarda rasmiy yoki keng qo‘llanadigan alifbo hisoblanadi. Turkiy davlatlar ushbu yozuvga o‘tish orqali o‘z tilini global axborot maydonida yanada yorqin namoyon eta oladi.
Milliy madaniy identifikatsiya masalasi
Turkiy davlatlarning har biri o‘ziga xos madaniy, tarixiy merosga ega. Qardosh xalqlarning alohida alifbolari muayyan madaniy ramz sifatida qabul qilingan. Yagona alifbo joriy qilinishi ushbu davlatlar o‘z tarixiy yozuvidan voz kechishini talab qilishi mumkin.
Kirill alifbosida yozilgan tarixiy asarlar va adabiyotlarni yangi yozuvga o‘girish murakkab jarayon. Katta avlod uchun kirillda bitilgan asarlar, hujjatlar nafaqat xotira, balki jonli ta’lim vositasidir. Yagona alifboga o‘tishda ularning eski manbalarga kirish imkoniyati cheklanadi. Bu xalqlar aro tarixiy ma’lumotlarni tushunishda chegara paydo qilishi ehtimoli bor.
Moliyaviy va tashkiliy muammolar
Yagona alifboni joriy qilish katta mablag‘ talab qiladi. Maktab va universitetlarda ta’lim dasturlari qayta ko‘rib chiqilishi, yangi darslik, adabiyotlar nashr qilinishi zarur. Bu jarayon nafaqat davlat byudjetidan ulkan sarmoya talab qiladi, balki ishbilarmonlar, aholining moliyaviy ahvolida ham o‘zgarish yasashi mumkin.
Yechimini kutadigan masalalar
Yagona alifbo joriy qilinishidan oldin turkiy davlatlarda bir qator savollar aniq javobini topishi lozim. Masalan, jarayonda qaysi davlat yetakchilikni egallaydi? Turkiy davlatlarning har biri o‘z madaniy, iqtisodiy va siyosiy mavqeini himoya qilishga intiladi. Alifbo tanlash jarayonida qaysi davlat qoidalari ustun bo‘lishi masalasi muhim bahs nuqtasiga aylanishi mumkin.
Tillardagi tafovutni qanday hal qilish mumkin? Xususan, fonetik jihatdan farqli jihatlar alifbo birlashishiga to‘sqinlik qilishi ehtimoli bor. Ba’zi turkiy tillardagi mavjud turli fonemalarning har biri uchun maxsus belgi kerak bo‘ladi.
Birlik va o‘zlik o‘rtasidagi muvozanat
Xullas, turkiy xalqlar uchun yagona alifbo joriy qilinishi nafaqat madaniyatlar va tillar integratsiyasi, balki millatlar o‘rtasidagi tarixiy bog‘liqlikni qayta tiklash yo‘lidagi qadamdir. Bunday alifbo turkiy xalqlar uchun yozuvdagi birlik timsoliga aylanishi mumkin. Binobarin, har bir xalq madaniy o‘zligini saqlab qolish barobarida yangilikka qarshi borishi emas, peshvoz chiqishi, zamon talabiga javob berishga intilishi zarur. Yagona alifbo – misoli, ko‘hna daraxtga qo‘shiladigan yangi shox: mevasi millatlarning chiroyli, yorqin kelajagiga xizmat qilishi mumkin.
Azizbek Nahanov, O‘zA