Joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganining 5 yilligi nishonlanmoqda.
O‘tgan yili Anqara va Istanbulda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2022 yilda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Endilikda ana shu hamkorlik samaralari shodasi yana bitta gavhar bilan boyidi. 12 may kuni Turkiyaning Bursa shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi ta’sis etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Shundan so‘ng Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasi Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi Assotsiatsiya dunyoda noyob hisoblanadi. Chunki u ham inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni, ham ombudsmanlarni o‘zida birlashtirmoqda. Yanada muhimi, ushbu tuzilma Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarda bo‘lib turgan fuqarolar huquqlarini ta’minlash sohasidagi masalalarni samarali hal etishga ko‘maklashadi.
Assotsiatsiya inson huquqlari sohasida hamkorlikning keng qirrali jihatlarini qamrab olmoqda. Jumladan:
- inson huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilish yo‘nalishidagi faoliyat hamkorlikda qo‘llab-quvvatlanadi;
- inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishidagi loyihalar amalga oshiriladi;
- inson huquqlarini himoya qilish sohasida qo‘shma o‘quvlar va seminarlar, ilmiy tadqiqotlar uchun samarali platforma vujudga keladi;
- inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish sohasida xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarda hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar kengayadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Turkiy tilli davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish bugungi kunda dolzarb masaladir. Ayni mavzu 2018 yilda qadimiy Samarqand zaminida ilk bor o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi doirasida ham keng muhokama qilinganini ta’kidlash lozim.
2019 yil 18-19 noyabr kunlari Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ombudsmanlarning 2-xalqaro konferensiyasida va keyingi ikki yil davomidagi onlayn uchrashuvlarda Turkiya, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari tomonidan Turkiy davlatlar tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va ombudsmanlari assotsiatsiyasini tuzish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgan hozirgi sharoitda tashkil etilgan ushbu Assotsiatsiya inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uchun qulay hamkorlik maydoniga aylanadi.
O‘zA