Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hozirda kechayotgan mintaqaviy va global jarayonlarda alohida ahamiyatga ega ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur tashkilotga to‘laqonli a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya. Turkmaniston va Vengriya esa kuzatuvchi maqomiga ega davlatlardir.
Tashkilot o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish hamda mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash masalalariga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston 2019 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolikka rasman qabul qilindi, o‘tgan qisqa vaqt davomida tuzilma faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan 60 dan ortiq muhim tashabbuslarni ilgari surdi hamda tashkilotning eng faol a’zolaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining rasmiy va norasmiy sammitlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, 2022 yilda O‘zbekistonning TDTda muvaffaqiyatli raislik qilishi hamda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi sammitning samarali tashkil etilganligi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati va ko‘p tomonlama diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
2023 yilning 3 noyabr kuni Qozog‘istonda Turkiy davlatlar tashkilotining 10-sammitida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotning eng oliy mukofoti – Turkiy dunyo oliy ordeni bilan taqdirlandi. Joriy yilning 6 iyul kuni esa O‘zbekiston Prezidenti tashkilotning Shusha shahrida (Ozarbayjon) “Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostida tashkil etilgan norasmiy sammitida ham ishtirok etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari dinamik ravishda o‘sib borayotganini kuzatish mumkin. Jumladan, 2023 yil yakuniga kelib, TDT mamlakatlari bilan O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshdi va 10 milliard dollarga yetdi. Tashkilotning O‘zbekiston umumiy tashqi savdosidagi ulushi esa 16 foizga yetdi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida TDT mamlakatlari bilan jami tashqi savdo hajmi qariyb 6 milliard dollarni tashkil etdi.
E’tiborlisi, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari, xususan, Qozog‘iston va Turkiya O‘zbekistonning tegishlicha uchinchi va to‘rtinchi asosiy tashqi savdo hamkorlari hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston TDTda ishtirok etuvchi qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston, shuningdek, Kaspiy ortidagi Ozarbayjon bilan erkin savdo rejimi, Turkiya va Vengriya bilan eng ko‘p qulaylik rejimi shartlari asosida o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va boshqa TDT mamlakatlarining qulay geografik joylashuvi ularning global ishlab chiqarish va savdo zanjirlarida asosiy bo‘g‘in bo‘lish imkonini beradi.
Misol uchun, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Turkiy davlatlar tashkiloti makonida transport-logistika hamda o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga, Vengriya Yevropa Ittifoqiga, Turkiya esa Yevropa Ittifoqining bojxona ittifoqiga a’zo hisoblanadi.
Shuningdek, Turkmaniston va Ozarbayjon Kavkaz va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi muhim davlatlardir. Shu nuqtai nazardan TDTning quruqlik ko‘prigi sifatidagi roli, jumladan, Transkaspiy transport-kommunikatsiya loyihasining (“O‘rta yo‘lak”) ahamiyati ortib bormoqda.
“O‘rta yo‘lak”ni rivojlantirish hamda “Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston” temir yo‘li va “Transafg‘on koridori”ni barpo etish orqali Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari nafaqat Osiyo va Yevropa bozorlariga kirishni diversifikatsiya qilishi, balki xorijiy hamkorlarning ham TDT makoniga bo‘lgan investitsion va savdo-iqtisodiy qiziqishi ortishiga erishiladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda transport, energetika va logistika sohalarini diversifikatsiya qilish hamda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish avj olayotgan geosiyosiy raqobat sharoitida TDT makonning muhim strategik va barqaror rivojlanayotgan mintaqa bo‘lishini ta’minlaydi.
Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va muhim tashabbuslarni ilgari surish qardosh turkiy xalqlarni bir-biriga yanada jipslashtiradi hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori.
O‘zA