“Turkiston”ning yuragida kechgan ikki kun
YUNESKO Bosh Konferensiyasining 43-sessiyasida Turkiya Respublikasining vakili sifatida ona “Turkiston”ning yuragi — O‘zbekistonda bo‘lish bizni o‘zgacha hayajonga soldi.
Markaziy Osiyoning har bir nuqtasi biz uchun qadrli, ammo Samarqand va Buxoro - O‘zbekistonning o‘rni alohida. Bizni juda qadimiy do‘stlik va chuqur birodarlik rishtalari bog‘lab turadi. O‘rxun bitiklarida Bilge Xoqonning «Сo‘zларимni boshidan oxirigacha tinglang!” degan o‘giti shodlik va mahzunlikdagi birdamlik tuyg‘usi ming yillikka uzangan tarix hamda boshimizdan o‘tgan tushunmovchiliklarga qaramay tobora kuchayib bormoqda. Turk xalqlariga xos vijdoniylik va rahm-shafqat g‘oyasi bugunda dunyoga ibrat bo‘lgulik. Navoiyning quyidagi satrlari aynan shu fikrlarni ifodalaydi:
“Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”.
Yo bo‘lmasa Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning birlik va vatanparvarlik haqidagi “Go‘zal Turkiston” she’riga quloq beraylik:
Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i,
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i,
Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar.
Yoki Turkiya birodarlikka eng ko‘p muhtoj bo‘lgan Qutulish jangda yovlarga qarshi safarbarlikka chorlar ekan, Cho‘lpon “To‘fon” she’rida shunday yozadi:
Ey Inenu, ey Siqaryo, ey istiqlol erlari,
Milliy misoq olingancha to‘qtamasdan ilgari!
...
Bilamizkim«madaniyat» beshigida o‘lturg‘on,
Jallodlarning butun tama’ va hirslari sizlarda.
...
Ey istiqlol, ey Siqaryo, ey Inenu erlari,
Yur, mazlumlar to‘fonining o‘ch olg‘uchi sellari!
Turkiya – O‘zbekiston birodarligi yoki mening mintaqaga bo‘lgan mehrimni asoslash uchun yana shunday minglab misollar keltirish mumkin. Yuqorida ta’riflaganimiz xurramlik va g‘amnoklikdagi birdamlik bizlarni bog‘lab turadigan haqiqiy ma’naviy rishtadir. Ta’lim vaziri sifatidagi vazifamiz — bu do‘stlikni mustahkamlash, kelajak avlodlarga yanada kuchli bog‘larni meros qoldirishimiz zarur. Safarimiz davomida bu borada juda muhim ishlarga qo‘l urdik. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hurmatli E’zozaxon Karimova bilan Istanbulda o‘zbek birodarlarimiz uchun ochiladigan maktab va Toshkentdagi turk maktabining joylashuvi bo‘yicha samarali uchrashuvlar o‘tkazdik. Buning uchun hurmatli vazir va barcha o‘zbek rasmiylariga minnatdorchiligimni bildiraman.
Biz Turkiyada Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida yashayotgan asrimizda «Ta’limda Turkiya asri»ni boshlab beruvchi eng muhim tashabbuslardan biri sifatida yangi o‘quv dasturlarimizga kiritilgan o‘zgarishlar va qadimiy do‘stligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida tashlangan qadamlar haqida so‘z yuritdik. Ayniqsa innovatsion infratuzilma, o‘qituvchi tayyorlash jarayoni, kasbiy-texnik ta’lim, ta’limda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, darsliklar bo‘yicha hamkorlik sohalarida hamkorlik qiladigan keng maydon borligi va imkon qadar tezroq harakat qilishimiz kerakligini angladik.
Shu doirada, Turkiya sifatida amalga oshirayotgan siyosatimizni «ta’lim diplomatiyasi» shaklida taqdim etishimizni bildirdik. Biz ta’lim diplomatiyasini faqat sinflarda beriladigan dars emas, balki xalqlarning umumiy taqdirini belgilovchi strategik omil — bir jamiyatning kechmishini boshqasiga yetkazish vositasi deb bilamiz. Ta’lim sohasidagi har qanday xalqaro hamkorlik o‘zligimizni tashkil etuvchi qadriyatlarni kelajakka eltadi, degan fikrdamiz.
Bugun tashqi siyosatda muhokama qilinayotgan ko‘plab masalalar — energiya, xavfsizlik, mudofaa, migratsiya bo‘yicha muvafaqqiyatga erishish uchun ham ta’lim kerak. Har qanday bosqichda ta’limni birga olib bormasangiz, o‘zaro hamkorlik tili zaiflashadi, umumiy tushuncha shakllanmaydi, hattoki tezkor hal bo‘lishi mumkin bo‘lgan masalalarda mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarning shiddati pasayadi.
Ta’lim diplomatiyasi doirasida G‘arbdan Sharqqa, Shimoldan Janubga qadar olib borayotgan ishlarimiz bizga quyidagi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar bermoqda: sun’iy intellekt va yangi texnologiyalarni ta’lim dasturlariga integratsiya qilish, o‘qituvchi tayyorlash va ish imkoniyatlari, kasbiy-texnik ta’lim va sanoat hamkorligi, ta’limda inklyuzivlikni kuchaytirish uchun masofaviy ta’lim, qishloq hududlari uchun gibrid ta’lim va boshqa raqamli yechimlar.
Birodar O‘zbekiston bilan rivojlanib borayotgan ta’lim aloqalarimiz mana shu qarashlarning amaliy ifodasidir. Chuqur hurmat asosida barpo etilgan madaniy hamkorligimiz aniq natijalar bermoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda 50 nafar o‘qituvchi va 9 nafar o‘qituvchi-assistent faoliyat yuritmoqda. Toshkentda bolalar bog‘chasidan boshlab litsey darajasigacha ta’lim beruvchi ikki bosqichli turk maktabida 693 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bundan tashqari, 14 ta ta’lim muassasasida o‘zbek birodarlarimizga turk tili va madaniyati darslarini berayotgan o‘qituvchilarimiz faoliyat olib bormoqda. «Birodar maktab» dasturi doirasida mamlakatimizdagi 5 maktab O‘zbekistondagi muqobillari bilan juftlashtirilgan va ikki xalq o‘rtasidagi samimiy aloqalarning rivojiga hissa qo‘shmoqda.
2025 yil 1 noyabr kuni hurmatli E’zozaxon Karimova bilan birgalikda Samarqandda imzolagan protokolimiz tufayli ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi ta’lim diplomatiyasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu protokolga ko‘ra, Toshkentdagi turk maktablari uchun yangi bino qurilishiga yer ajratildi, xuddi shuningdek, Istanbulning Bakirko‘y tumanida o‘zbek fuqarolari uchun O‘zbekiston maktabi ochish yo‘lida hamkorlik boshlab yuborildi. Bu voqea ikki mamlakatning ta’lim sohasidagi hamkorligini izchil davom ettirishga bo‘lgan intilishining yaqqol ifodasidir. Eng qimmatlisi shuki, bu hamkorliklar umumiy g‘oyani — qadimiy tamaddun farzandlari sifatida kechmishimiz bir ekan, kelajagimiz ham birga bo‘lishi kerak degan g‘oyani ilgari suradi. Istanbuldagi va Toshkentdagi maktablar bu birodarlik muhitini yanada yuksak darajaga olib chiqadi.
Bu safar men uchun, birodarlik aloqalarimizni quvvatlantirish hamda yuragimdan kechgan his-tuyg‘ularim jihatidan juda sermazmun bo‘ldi. Avvalo, har safar yanada rivojlangan, kuchaygan O‘zbekistonni ko‘rishdan benihoya quvonaman. Shuningdek, O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirayotgan Prezident hurmatli Shavkat Мирзиёевга chin yurakdan minnatdorchilik bildirishni vafodorlik ramzi deb bilaman.
Shuningdek, bizni o‘z uyimizdagidek his qilishimizga hissa qo‘shgan barcha mezbonlarga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. «Turkiston»ning yuragida sermazmun ikki kun uchun, Turkiya – O‘zbekiston do‘stligi yo‘lida jon kuydirgan va mehnat qilgan barcha birodarlarimga tashakkur.
Yusuf Tekin,
Turkiya Respublikasi milliy ta’lim vaziri,
O‘zA