Vatanimiz tarixidagi 15 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1697 yil (bundan 327 yil oldin) – Ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Muhammad Muqimxon Balx taxtiga o‘tirdi. Quyida uning hayotiga oid ayrim ma’lumotlarni keltiramiz. Tarixchi Komilxon Kattayevning yozishicha, o‘sha davrlarda agar hukmdorlar farzand ko‘rishsa, movarounnahrlik alloma, yirik diniy arbob, naqshbandiylik rahnamosi Mahdumi A’zam avlodidan bo‘lgan mashhur pirlar huzuriga chaqaloqni ism qo‘yish uchun yuborar edilar. Ashtarxoniy shahzoda Muqimxon bilan ham shunday voqea yuz bergan.
“Tarixi Muqimxoniy” asarida keltirilishicha, Buxoro xoni Subhonqulixon nabira ko‘rgach, unga ism qo‘yish uchun Mahdumi A’zamning avlodi Nasrulloxoja ibn Abdulg‘afforxojaning huzuriga yuborgan va ul zot Qur’oni Karim sahifalarini ochib, undan: “Parvardigoro! Meni va zurriyotimni namozxon qil” degan oyati Karimaga ko‘zlari tushib, chaqaloqqa Muqimxon deb nom qo‘ygan. Gap shundaki, ushbu oyatning arab tilidagi matnida “muqim” so‘zi mavjud bo‘lib, ayni shu so‘z unga ism qilib berilgan.
Subhonqulixon vafoti arafasida Buxoro xonligining valiahdi qilib Muqimxonni tayinlaydi. Biroq Buxoro ulamolari va qo‘shinning madadiga tayangan Ubaydullaxon II 1702 yilda Buxoro taxtini egallab oladi. Muhammad Muqimxonning otalig‘i (tarbiyachisi, “ota o‘rnida otasi”) Mahmud qatag‘on esa Buxoroga bo‘ysunmay, Balxni mustaqil deb e’lon qiladi.
Muqimxon Balxda beklar fitnasi natijasida o‘z otalig‘i Mahmud qatag‘on tomonidan 1707 yil martda qatl etilguniga qadar – qariyb o‘n yil hokimlik qildi. Qo‘shimcha ma’lumot sifatida qayd etish joizki, Balxdagi hokimiyatni amalda o‘zi boshqargan Mahmud Qatag‘on tarixda nafaqat Muqimxonni, balki shoir va mutafakkir Boborahim Mashrabni ham qatl ettirgan kishi sifatida nom qoldirdi.
1804 yil (bundan 220 yil oldin) – Xorazmda chingiziy xonlarning oxirgi vakilini taxtdan tushirib, qadimdan kelayotgan xorazmshohlar sulolasini qayta tiklashni maqsad qilgan Eltuzarxon o‘zini Xorazm xoni – Xorazmshoh deb e’lon qildi.
1896 yil (bundan 128 yil oldin) – tarixchi Mashhura Sharipovaning qayd etishicha, Toshkentda “Mehnatsevarlar uyi” ochildi. Shu maqsadda tilxat yo‘li bilan yetti ming so‘m to‘plandi, Orifxo‘ja Azizxojinov degan kishi qiymati besh ming so‘mlik uyini “Mehnatsevarlar uyi” uchun ehson qildi. Nizomga ko‘ra “Mehnatsevarlar uyi”ga faqat mehnatga layoqatli bo‘lsa ham turmushda qiynalib, ilojsiz qolgan kishilar qabul qilingan.
1906 yil (bundan 118 yil oldin) – Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lkasidagi birinchi birja – Qo‘qon birja qo‘mitasi ochildi. U asosan paxta savdosi bilan shug‘ullangan. “L.Knop” savdo uyi mazkur qo‘mitani tuzishda asosiy tashkilotchi bo‘lgan. Bu savdo uyining asoschisi nemis baroni Lyudvig Knop bo‘lib, u 1841 yili Moskvaga kelib rus fuqaroligini qabul qilgan edi. Savdo uyining faoliyati 1852 yildan boshlanib, u paxta, ip-gazlama, qand va turli jihozlar savdosi bilan shug‘ullangan.
1913 yil (bundan 111 yil oldin) – kimyogar olim, jamoat arbobi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi Obid Sodiqov dunyoga keldi (vafoti 1987 yil). U 1958–1966 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) rektori lavozimida ishlagan. 1966–1984 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan.
1916 yil (bundan 108 yil oldin) – Buxoro amiri Said Olimxon yirik rus shirkatlaridan biri “I.G.Staxeyev i Kº” savdo-sanoat shirkati bilan birgalikdagi hamkorligiga rozilik olgach, sherikchilik asosida 15 punktdan iborat shartnoma imzoladi. Amir Said Olimxon rus firmalari bilan ham hamkorlik qilgan.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston Sovetlarining uchinchi o‘lka s’ezdida Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Kengashi tuzildi.
1941 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston Xalq Komissarlari Kengashining “Frontoldi hududlaridan evakuatsiya qilingan bolalarni joylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Toshkentda voyaga yetmaganlarni qabul qilish punkti ochildi. Punkt 18 yoshga to‘lmaganlarni bolalar uylariga va yoshi kattaroqlarni ishga joylashtirish masalasi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik viloyat va tumanlarda punkt qoshidagi tashkil etilgan komissiyaning bo‘limlari ochildi. Eng asosiy maqsad nazoratsizlikka yul quymaslik edi.
1973 yil (bundan 51 yil oldin) – bokschi, 63,5 kilogramm vaznda Olimpiada va jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi Muhammadqodir Abdullayev tavallud topdi. U 1995 yilda “Shuhrat” medali, 1999 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
2003 yil (bundan 21 yil oldin) – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining ta’sis s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya dasturi va ustavi tasdiqlandi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Onkogematologik, onkologik, birlamchi immunodefitsit va davolash qiyin bo‘lgan hamda qon tizimi kasalliklarini davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi