Boku shahrida tashkil etilgan 11-Xalqaro kitob ko‘rgazmasining "Uzeyirbek Hojibekov” zalida ma’rifatparvar ijodkor, jadidchilik harakatining yetuk namoyandalaridan biri Fitratning Xalqaro turk madaniyati va merosi jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan "Turkiston nidosi" nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
1937 yil repressiya qurbonlaridan biri, mashhur ma’rifatparvar va adib Abdurauf Fitrat ijod namunalaridan iborat “Turkiston nidosi” nomli kitobning taqdimoti ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

Asarning tarjimoni Yashar Qosim, so‘zboshi muallifi — Aqtoti Rayimqulova, muharriri — Ferid Huseyn, maslahatchisi — Akif Azalp, so‘ngso‘z muallifi esa filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatovadir.
Taqdimot marosimi Aqtoti Rayimqulovaning samimiy tabrik nutqi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng professor Almaz Ulvi Binnatova Abdurauf Fitratning hayoti, ijodiy merosi va turkiy dunyo madaniyatidagi o‘rni haqida atroflicha ma’ruza qildi. Shoir Akif Azalp Fitrat merosining falsafiy mazmuni va bugungi davr bilan bog‘liqligini yoritdi.

Ma’lumki, Turkistondagi jadidlar harakati xalqaro miqyosda ham katta e’tibor qozonishi bilan birga, turli ilmiy tadqiqotlarning olib borilishi, kitoblar chop etilishiga turtki bo‘lmoqda.
Abdurauf Fitrat umrini Vatan ozodligiga bag‘ishlagan, adabiyotning bir qancha janrdlarida samarali ijod qilgan, yoshlarning xorijda zamonaviy bilim olishlariga yaqindan ko‘maklashgan, maktab, ta’limi sohasi ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan taraqqiyparvar ijodkor edi.
Tadbir davomida kitobni tayyorlashda faol ishtirok etgan ijodiy jamoa a’zolari ham so‘zga chiqib, o‘z fikr va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
N.Usmonova,
O‘zA