O‘zbekiston davlat drama teatrida “Turkiston bolalari” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sahna asarida 1922 yilda tahsil olish, yurtga qaytgach Turkistonning taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida olis Germaniyaga ketgan, Vataniga qaytgach esa qatag‘onga uchragan yoshlarning hayoti, ularning orzu-intilishlari o‘ziga xos tarzda ochib berilgan.
Spektakldagi Turkistonni ozod va obod ko‘rishni orzu qilgan, shu maqsadda kurashgan, jadidlarning ko‘magi bilan o‘tgan asrda Germaniyada ta’lim olgan talabalarning obrazi hech bir tomoshabinni befarq qoldirmaydi.

E’tiborga molik jihati, mazkur spektaklda institutni tamomlab, endigina ishga kelgan yosh aktyorlar rol ijro etgan.
– Men Ahmad Shukriy obrazini gavdalantirishga harakat qildim, – dedi aktyor Bekzod Zokirov. – U chet elga borib tahsil olib, Vatanini taraqqiy etishga ahd qilgan yoshlardan edi. Afsuski, o‘sha davrda ezgu niyatlar bilan Germaniyada bilim olib, yurtiga qaytgan yoshlarning bari otilib ketadi. Yoshlar o‘z Vatanida qanday shum taqdir ularni kutib turganini bilsalarda, biroq yurtga qaytib kelish orzusi ularni tark etmaydi. Spektakldagi siymolarning har biri o‘zi tug‘ilgan yurtga sadoqati yuksak bo‘lgan qahramon yoshlar edi. Bu yoshlar jamiyat hayotining turli jabhalarini rivojlantirishni diliga tukkan edilar. Shunday qahramonlarni gavdalantirganimdan juda faxrlanaman.

– Bu bizning ilk spektaklimiz, – dedi aktrisa Sabina Murodova. – Spektaklni sahnalashtirish jarayoniga katta mas’uliyat bilan kirishdik. Negaki, undagi qahramonlar shunchaki obrazlar emas, ular yaqin o‘tmishda bo‘lgan, shu ayanchli voqealarni boshidan kechirgan insonlardir. Ushbu spektakldagi qahramonim – Xayriniso Majidxonova. Uni ilk bor ijro etganimda sal boshqacharoq tarzda talqin etgandim. Keyin ustozlarimiz bu qancha talaba qizlar ichidan tanlab olinib, o‘qishga yuborilgan, Vatan uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan mard, jasur, dadil qiz ekanini tushuntirdilar. Shundan keyin yana qahramonim ustida ishlab, bu obrazni imkon qadar maromiga yetkazishga, yanada boyitishga harakat qildim. Xayriniso Majidxonova 17 yoshida otasining roziligi bilan Germaniyaga o‘qishga boradi, lekin o‘z yurtida ayanchli tarzda hayotdan ko‘z yumadi.
Spektaklda jadidlarning ko‘magi bilan Buxorodan Germaniyaga o‘qishga yuborilgan Abduvahhob Murodiy, Sattor Jabbor, Ahmad Shukriy, Xayriniso Majidxonova, Sulton Matqul, Maryam Sultonmurodova, Afzal Abdusaid kabi yoshlarning 1922-1937 yillardagi hayotiga oid voqealar qamrab olingan.
– Bugungi yoshlarning jadidlar faoliyati, o‘tgan asrda Turkistonning kelajagi uchun o‘qigan, kurashgan yoshlar hayotiga bo‘lgan qiziqishi sahna uchun aynan mana shunday ruhdagi asarlar kerakligini ko‘rsatdi, – dedi pesa muallifi Go‘zaloy Matyoqubova. – Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat drama teatrining badiiy kengashi bir to‘xtamga kelgan holda yozuvchi Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani hamda Bahrom Irzayevning “O‘zbek yoshlari va xorijiy ta’lim” kitobidan foydalanildi. Shu bilan birga Bahrom Irzayevning intervyulari, shu paytgacha jadidlar haqida yaratilgan filmlar, arxiv hujjatlaridan foydalanishga harakat qildik. Bu asarda badiiy to‘qima judayam kam, hammasi tarixiy faktlarga asoslangan.

E’tiborga molik jihati sahna dekoratsiyasi, liboslar tomoshabinni o‘sha davr muhitiga olib kiradi. Asarda ifoda vositalaridan mohirlik bilan foydalanilgan. Voqealar rivojida sahna orqa qismidagi goh bir asr avvalgi Toshkent, goh Berlin ko‘chalari, goh oktyabr to‘ntarishi davri, sho‘rolar tuzumini aks ettiruvchi video tasvirlar ko‘rsatildi.
Spektakl rejissyori Rasuljon Tog‘ayqulovning fikricha, spektakl yoshlarni har qanday sharoitda ham ilm olishga, Vatanni ardoqlashga chorlashi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu sahna asariga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindori Olimjon Salimov badiiy rahbarlik qilgan.
N.Usmonova, O‘zA