Turk olimasi Yevropa arxivlaridagi “yoʻqolgan” Temuriylar merosining izidan bormoqda
Yevropa arxivlarida uzoq yillar davomida «yo‘qolgan» deb hisoblangan Temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar va tarixiy yodgorliklar ilmiy jihatdan aniqlanmoqda. Bu haqda BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — YUNESKOning Madaniy diplomatiya kafedrasi raisi, professor Selin Shenojak ma’lum qildi.
Olima o‘zi rahbarlik qilayotgan «Ajdodlar izidan» loyihasi doirasida Oksford, Edinburg, Parij, Berlin va Vena shaharlaridagi arxivlarda XIV–XV asrlarga oid Temuriylar davrining muhim yodgorliklari iziga tushilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur asarlar nafaqat tarixiy hujjatlar, balki Turkiston madaniy va ma’naviy xotirasining ajralmas bo‘laklaridir.
Shenojakning ta’kidlashicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Temuriylar davrini qayta o‘rganishga qaratilgan izchil siyosati ushbu tadqiqotlarga kuchli turtki bermoqda
– Biz O‘zbekiston tarixi faqat o‘z hududida emas, balki Yevropadagi ko‘plab kutubxonalarda tarqoq holda mavjud ekanini ko‘rmoqdamiz. Bu yerda gap yuzlab emas, o‘n minglab kitob va qo‘lyozmalar haqida ketmoqda, – deydi olima.
Ma’lum qilinishicha, Amir Temurning «Tuzukoti Temuriy» asari hamda Alisher Navoiyning chig‘atoy tilida yozilgan ilk devonlari Oksford va Berlindagi nufuzli muassasalarda saqlanmoqda. Shuningdek, ilk musulmon turk hukmdori Sotuq Bug‘roxonning Islom dinini qabul qilishi haqida hikoya qiluvchi doston ham Yevropa arxivlarida mavjud. Bu asarlar o‘tmishda Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi davrida Turkistondan olib chiqib ketilgan.
Olimaning aytishicha, so‘nggi yillarda Yevropaning ayrim universitetlarida o‘zbek tili va chig‘atoy tili bo‘yicha dasturlar ochilmoqda. Yevropa davlatlari o‘z arxivlaridagi ushbu xazinani endi tan olmoqda. 2025-yilda boshlangan inventarizatsiya ishlari doirasida turli kutubxonalarda saqlanayotgan qariyb mingta asar ro‘yxatga olingan. Loyihaning yakuniy maqsadi esa o‘zbekistonlik tadqiqotchilar bilan hamkorlikda «Raqamli Turkiston kutubxonasi»ni yaratishdan iborat.
Fransiyada tug‘ilgan va ildizlari 1862-yilda Buxorodan ko‘chib ketgan Shayx Shokir Afandiga (katta bobosiga) borib taqaladigan Selin Shenojak uchun bu tadqiqotlar alohida ahamiyatga ega.
– Men olib borayotgan har bir tadqiqot katta bobomning amalga oshmay qolgan orzusi yo‘lidagi qadamdir. Bobomning ushalmay qolgan orzularini amalga oshirish mening qarzim. O‘zbekiston men uchun begona yurt emas, ajdodlarim yashagan diyor, Vatandir, — deydi Selin Shenojak.
O‘zA