Prezident topshirig‘i– amalda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, tarixiy shaharlarimizdagi ko‘rsatkichlar kun sayin yuqorilayapti. Misol uchun, Buxoro viloyatiga joriy yilning o‘tgan davrida 650 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar orqali turizm eksporti 160 million AQSH dollaridan oshdi. Bu borada o‘tgan yilning mos
davriga nisbatan 120,8 foizga o‘sish kuzatildi. Shu bilan birga, respublika hududlaridan Buxoroga 1 million 859 ming 400 nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurdi. 2024 yilning 6 oyida sohada 5800 nafar yangi ish o‘rni tashkil etildi. Umumiy qo‘shib hisoblaganda qariyb 58,5 ming nafar aholi aynan turizm sohasida faoliyat yuritmoqda. Joriy yil yakuniga qadar viloyatga 3,5 million nafar mahalliy va 1,5 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu bilan turizm xizmatlari ekporti hajmi 410 million dollarga yoki o‘tgan yilga nisbatan 120 foizga oshiriladi.
Prezidentimiz 2023 yil 18 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish uchun sharoitlarni yanada kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sohalarini tahlil qilar ekan, bular qatori va turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha ham navbatdagi vazifalarni belgilab berdi. Bu bo‘yicha boshlangan ishlar ham bugun viloyatning imkoniyatlarini yanada oshirmoqda.
–Berilgan imtiyozlardan kelib chiqib, o‘tgan yilda Buxoroga 1 million 300 nafar xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 650 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, –deydi Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bobir To‘qsonov. –Mahalliy sayyohlar soni ikki milliondan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar yildan- yilga ortmoqda. Shuning hisobiga turizm infratuzilma ob’ektlari soni ko‘payib bormoqda. Mehmonxona xo‘jaliklari, xostellar yoki boshqa joylashtirish vositalari soni ortmoqda. Mazkur tadbirkorlik sub’ektlariga berilayotgan imtiyozlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘proq sayyohlarni yurtimizga jalb qilish, boshqa turizm ob’ektlarini tashkil etishimiz kerak. Prezidentimizning 2023 yil 18 dekabrdagi videoselektorda bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlashda hech mubolag‘asiz, joriy yil 18 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ham juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-18692]
Mazkur farmon bilan hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan turoperatorlarning xorijiy sayyohlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun, ya’ni bevosita “Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 50 million AQSH dollari ekvalentida, milliy valyutada 14 foizlik stavkada bevosita kredit liniyasi ochiladi. Kredit liniyasi 2 yillik imtiyozli muddatda 10 yilga beriladi.Bunga tadbirkorlik sub’ektlariga bevosita turizm sohasini kengroq kengaytirish va rivojlantirish maqsadida beriladigan imtiyozlardan biri sifatida qarash mumkin.
Shu o‘rinda bir misol. 2023 yil yakuni bilan viloyatda 142 ta turistik tashkilot mavjud bo‘lsa, Prezidentimizning videoselektorda turizm sohasi vakillari uchun yaratib bergan imkoniyatlari natijasida bugun ular soni 170 taga yaqinlashdi. Bu raqamlar yil yakuniga borib 200 taga yetishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarga muvofiq, joriy yil so‘nggiga qadar Buxoroda 60 ta yangi mehmonxona faoliyat boshlaydi. Natijada jami 600 ta mehmonxona bir vaqtning o‘zida 15200 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi.
Farmon bilan esa turizm infratuzilmasi ham yaxshilanmoqda.
Davlatimiz rahbari Buxoroda yangi turizm tarmoqlarini tashkil qilish bo‘yicha ham alohida topshiriq bergan edi. Xususan, Buxoroga tashrif chog‘ida viloyatning turizm imkoniyatlari xususida to‘xtalar ekan, endilikda xorijlik mehmonlar sonini 5 millionga yetkazish borasida alohida ta’kidladi. Bundan tashqari, soha rivoji uchun qo‘shimcha 100 million dollar ajratilishi Buxoro iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu bilan hozir mintaqaning noyob gavhari sanalgan Jayron pitomnigida ekoturizmni yanada rivojlantirish borasidagi ishlar yanada jadallashdi.
–Sayyoh uchun, eng avvalo, infratuzilma kerak bo‘ladi, –deydi ilmiy xodim Jahongir Sharipov. –Albatta, cho‘l bag‘riga sayohat qilmoqchi bo‘lgan har qanday sayyoh uchun dam olish joylari, ayni shu ma’noda hududda bugun tashrif markazi barpo etilgan bo‘lib, 20 dan ortiq sayyohni qabul qilishga moslashtirilgan zamonaviy mehmonxona, shuningdek muzey, hamda yig‘ilishlar o‘tkazadigan zallar mavjud. Sayyohlarimizga hudud bo‘ylab sayohat qilish imkoniyati yaratiladi.
O‘zbekiston ekoturizm sohalarini rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega bo‘lgan pitomnik, geografik va tabiiy joylashuvi jihatdan ham ekologik turizmni rivojlantirish uchun qulay manzil hisoblanadi. Bugun bu joyda nabodot va hayvonot olamining noyob turlari ko‘paytirilayotgani ham sayyohlarni o‘ziga kengroq jalb qilishi aniq.
–Jayron pitomnigining asosiy vazifasi O‘zbekiston hududidagi noyob tuyoqli hayvonlarning turlarini Qizilqum cho‘li orqali tarqatishdir, –-deydi Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi direktori o‘rinbosari Dilshod Tursunov.
–Hayvonlar bor joyda o‘simlik dunyosi, qushlar, sudralib yuruvchilar, suvlik joylarda baliqlar ham uchraydi. Ilmiy izlanishlar natijasida Qizilqum cho‘lida 18 turdagi sudralib yuruvchilar, pitomnikdagi ko‘llarda 12 turdagi baliqlar, sut emizuvchilarining 32 turi bor. Mavsum yoki yil davomida uchib yuruvchi qushlarning 257 ta turi doimiy aniqlangan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot. O‘zbekiston 121 davlatni o‘z ichiga olgan xalqaro indeksda dunyoning eng xavfsiz mamlakatlar reytingida 1-o‘rinni egalladi. Bu ham Buxoroda boshlangan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish uchun katta ahamiyatga ega.
Odatda Buxoro yilning ma’lum bir davrida, yana ham aniqroq aytganda, bahor va kuz mavsumidagina sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi shaharlar qatoriga kirar edi. Bugun qishning qahratoni ham, yozning saratoni ham qadim kentga keluvchilarni o‘z fikridan qaytara olmayapti. Bularning bari yurtimizda mehmonlarga taqdim qilinayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyatlar natijasi, desak mubolag‘a emas.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari